Jamiyatda xotin-qizlarimizning roli, bilimini oshirish, bandligini ta’minlash, dunyoqarashini kengaytirish, qiziqish va layoqatiga qarab yo‘nalish tanlashga ko‘maklashish hamda ularga motivatsiya berish maqsadida Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan Monomarkazda “GAP” ayollar IT-klubi doirasida navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazining Raqamli davlat xizmatlarini soddalashtirish va optimallashtirish bo‘limi mutaxassisi Gulruh Rahmatova, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi, Raqamli ko’nikmalarni mustahkamlash bo‘limi bosh mutaxassisi Ilhom Jurayev, MAAB innovation kompaniyasining “Talent Program” bo'lim boshlig‘i Javohir Xolsaidov va IT sohasidagi yosh qizlar, “Sinov” loyihasining asoschilari Gulnoza Abdurashidova va Kristina Vaninalar ishtirok etdilar.
Spikerlar xotin-qizlar uchun IT sohasidagi berilayotgan imkoniyatlar, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni hamda ularning raqamli savodxonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida so‘z yuritishdi va ishtirokchilarning savollariga kerakli javoblar berishdi.
160 nafardan ortiq xotin-qizlar ishtirok etgan ushbu uchrashuv, turli xil mavzularda debatlar, savol-javoblar, shuningdek, my.gov platformasidan foydalanish yo‘riqnomasi, bepul ta’lim olish uchun foydali havolalar, IT sohasidagi kasblar haqida tushunchalar, qo‘l telefondan to‘g‘ri foydalangan holda xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida tushunchalar bilan bo‘lishildi.
Bundan tashqari, tadbir davomida ishtirokchilar kichik ideaton musobaqalarda ishtirok etishdi.
Ta’kidlash lozimki, GAP loyihasi doirasida nafaqat oflayn uchrashuvlar, balki, mentorlik dasturlari, vebinar, seminar, ideaton va boshqa tadbirlar ham o‘tkazilib borilmoqda.
Ma’lumot uchun: GAP ayollar IT klubi Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusida IT Park hamkorligida 2022-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – IT sohasiga mamlakatimiz xotin-qizlarini jalb qilish va ularning sohadagi ulushini ko’paytirishdan iborat.