audio

    Toshkentda “Аyollar tadbirkorligida raqamlashtirish va rivojlanish istiqbollari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi

    Ipoteka-bank, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro ishbilarmon “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Аyollar tadbirkorligida raqamlashtirish va rivojlanish istiqbollari” mavzusida seminar tashkil etildi.

    Unda hamkor tashkilot aʼzolari, yirik investor va tadbirkorlar, shuningdek, 300 dan ortiq xotin-qizlar hamda OАV vakillari ishtirok etdi.

    Seminarni Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova ochib berib, bu kabi tadbirlarning o‘rni muhimligini taʼkidladi va mamlakatimiz xotin-qizlari uchun IT sohasidagi sharoitlar, tadbirkorlik faoliyatida raqamlashtirishning o‘rni, axborot texnologiyalardagi barcha imkoniyatlardan foydalanib biznesni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari va IT orqali qo‘shimcha daromad topish haqida tadbir ishtirokchilarga ma’lumotlar berdi.

    Shuningdek, tadbirda “Ipoteka-bank” АTIB Kichik va oʼrta biznes direksiyasi direktori Bekzod Mirzayev so‘zga chiqib, ayol tadbirkorlar tomonidan olib borilayotgan biznes loyihalar doimo bankimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, aynan shu yo‘nalishda yangi xizmat va mahsulotlar yaratilishiga xizmat qilishiga to‘xtalib o‘tdi.

    Tadbir davomida tashkilotlardan taklif etilgan masʼullar, tajribali ishbilarmon ayollar ishtirokida qiziqarli chiqishlar, tadbirkorlikni raqamlashtirish orqali jahon bozorlarida o‘z o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatlari, shuningdek, ayol tadbirkorlik faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan “Аnor” onlayn platformasi va Ipoteka-bank tomonidan ayol tadbirkorlar uchun taqdim etilayotgan bank mahsulotlari haqida maʼlumotlar berildi.

    Seminarning yana bir ahamiyatli tomoni – unda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan ayollarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, buxgalteriya hisobini yuritish, shuningdek, faoliyatida savdo unumdorligini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish va raqamlashtirish kabi mavzularda tajribali ayol tadbirkorlardan maslahatlar olindi. Shuningdek, qatnashchilarda o‘z sohasida kuzatilayotgan kamchiliklarni to‘g‘ri bartaraf etish yo‘llari yuzasidan zamonaviy ayol tadbirkorlar bilan yuzma-yuz suhbatlashish imkoni ham bo‘ldi.

    Tadbir davomida Ipoteka-bank tomonidan ayol tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlash bo‘yicha taqdim etilayotgan bank mahsulotlari va xizmatlari haqida maʼlumotlar berilib, fikr almashildi.


    • view_icon 527