audio

    Raqamli texnologiyalar vazirligining yangi binosi ochilishi va Aloqachilar kuni bilan Vazirlik hamda soha xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

    Bugun, 8-may kuni IT Park Uzbekistan majmuasi hududida Raqamli texnologiyalar vazirligi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, 7-may – Aloqachilar kuni munosabati bilan Vazirlik hamda soha xodimlarini tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi.

    Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Shuningdek, mazkur tadbirda Vazirlikning hududiy boshqarmalari, viloyatdagi tizim tashkilot va korxona vakillari ham qatnashdi.

    “Uzoq yillik tarixga ega sohamizning Yangi O‘zbekiston davrida yangi nafasi ochildi. Ko‘z tegmasin, sohamiz birinchi chorak yakunlari bo‘yicha boshqa sohalarga qaraganda yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatdi, IT exporti bo‘yicha ham bir chorakda 2021-yil davomidagidan ko‘ra ko‘proq natijaga erishish imkoni bo‘ldi. Bu esa barcha sohamiz jamoasining mehnatlari natijasidir. 

    Bayram bahona yangi binomiz bilan tanishish imkoniga ham ega bo‘ldik. Buning zamirida ham soha xodimlarining xizmati beqiyos. Albatta, bu jarayonga yetib kelish ham oson bo‘lgani yo‘q. Bunday holatga keltirish uchun katta mehnat qilindi. Yurtimizda bizning sohamiz uchun yaratib berilayotgan bu kabi imkoniyatlar kishini quvontiradi. Kelgusida ham amaldagi tizimli ishlarimizni davom ettirish, belgilab berilgan vazifalarni ham o‘z vaqtida bajarish uchun birgalikda harakat qilishimiz lozim. Barcha rahbar va xodimlarni ushbu quvonchli sana bilan yana bor samimiy qutlayman”, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov soha xodimlarini tabriklash davomida. 

    Ushbu taqdirlash marosimida sohaning ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritayotgan, uning rivojlanishiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib kelayotgan Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan kompaniya va jamiyatlar, korxona va tashkilotlar, shuningdek, sohadagi xorijiy va xususiy korxonalari rahbar-xodimlari va mutaxassislari Vazirlikning buyrug‘i asosida “Mohir aloqachi” faxriy unvoni, “O‘z kasbining ustasi” belgisi hamda “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandilar.


    • view_icon 1229
    : 2023-05-08 22:51:50