audio

    Farg‘onalik frilanserlar bilan ushbu yo‘nalishda ko‘proq yoshlarning daromadlarini oshirish imkoniyatlari haqida fikr almashildi

    Davlatimiz Rahbarining 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Frilanserlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, eksport qilayotgan yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.

    Shu maqsadda Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov Farg‘ona shahrida faoliyat olib borayotgan “CoHub-Coworking” markazida viloyatda masofadan turib chet el kompaniyalarida ishlovchi dasturchilar va yosh frilanserlar bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Vazir 30 ga yaqin frilanser va dasturchi yoshlar bilan ochiq muloqot qildi va ularning faoliyatlari hamda amalga oshirayotgan loyihalari bilan yaqindan tanishdi.

    Bosh ofisi Shvetsariyada joylashgan kompaniyada masofadan ishlovchi Jafar Abdumajidov vazir bilan muloqot qilib, hozirgi kunda kompaniyaning O‘zbekistonda filiali mavjudligi va IT-Park rezidentligini olganligi haqida to‘xtalib o‘tdi, shuningdek, kompaniya uchun yana ko‘plab mutaxassislar kerakligi va ko‘pchilik yoshlar ingliz tili ko‘nikmalarini rivojlantirishlari zarurligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

    Bundan tashqari, UI/UX sohasida faoliyat olib borayotgan Izzatillo Rasuljonov, mobil ilovalar ishlab chiqish yo‘nalishida Hikmatillo Madaliyev, Oyatillo Avazxonov, Murtazoxon Mirzolimova kabi chet elga eksport xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan dasturchi va frilanserlar bilan fikr almashildi.

    Shuningdek, “AL-Focus Tech” kompaniyasi asoschisi dasturchi sifatida katta tajribaga ega Muhammadqodir Abduvoitov suhbatlashildi.

    Muhammadqodir shu kunga qadar insonlarning muammolarini hal qiluvchi 10 ga yaqin dasturlar va startap loyihalar muallifi, 5 dan ortiq xalqaro startap loyihalar tanlovlarida o‘zining loyihalari bilan ishtirok etib, turli nominatsiyalar g‘olibi bo‘lgan.

    Uning ko‘zi ojiz insonlar uchun yaratgan “Braille Recognition” loyihasini Davlatimiz rahbari ham e’tirof etgan va bugungi kunda ushbu loyihaning umumiy foydalanuvchilari 50 mingdan ziyodni tashkil qilmoqda.

    Vazir tomonidan dasturchi va frilanser yoshlarga shogirdlarni ko‘paytirish orqali ushbu yo‘nalishlardagi faoliyatlarini yanada kengaytirishlari va daromadlarini oshirishlari mumkinligi ta’kidlab o‘tildi va barcha yoshlarga kelgusidagi faoliyatlariga omad tiladi.


    • view_icon 1112
    : 2024-07-13 08:49:48