audio

    Hindistonning O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuv davomida Vazir Elchini Oʻzbekistonga Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangani munosabati bilan tabrikladi hamda yuksak va masʼuliyatli ishida muvaffaqiyat tiladi.

    Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi rivojiga qaratilayotgan katta e’tibor va intilishni alohida ta’kidladi.

    Shuningdek, u ikki mamlakatni birlashtirib turuvchi omillarni sanarkan, O‘zbekiston bozoriga qiziqish tobora ortib borayotganini qayd etdi.

    Uchrashuv chogʻida axborot texnologiyalari, texnoparklar va innovatsiya markazlarini rivojlantirish hamda boshqarish, IT-taʼlim va eng yangi texnologiyalarini joriy etish masalalarining joriy holati va kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirishning harakatlar rejasi boʻyicha fikr almashildi.

    Tomonlar axborot texnologiyalari sohasida Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ulkan salohiyat mavjudligi hamda bu borada barcha saʼy-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan, AKT masalalarida tajriba almashish, hamkorlikni kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

    Bundan tashqari, Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pantga UZINFOCOM loyihalari, jumladan, MyID biometrik identifikatsiya ekotizimi, “Raqamli energiya” yagona billing tizimi, Mygov.uz davlat xizmatlari portali va boshqalar, shuningdek, joriy yilning aprel oyida turli IT mutaxassisliklari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash uchun ochilgan Ustudy IT Akademiyasi taqdim etildi.


    • view_icon 1255
    : 2024-07-17 11:18:19