Joriy yilda IT Park rezidentligiga Samarqand viloyatidan 42 ta tadbirkorlik subyektlari jalb etilishi ta’minlandi, shulardan 19 tasi xorijiy davlatlarga xizmatlarni eksport qiluvchi korxonalardir.
Natijada, Samarqand viloyati bo‘yicha IT Park rezidentlari soni 110 taga yetkazilib, shulardan 42 tasi (28 tasi logistika, 14 tasi dasturiy ta’minot ishlab chiqish) IT eksport xizmatlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlaridir.
“Sam IT Global” kompaniyasi hududida xorijiy davlatlarga xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalar ishtirokida xizmatlar hajmini oshirish hamda yangi bozorlarni topish maqsadida “Samarkand logistic outsourcing export” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan 40 dan ziyod IT eksport xizmatlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari, AQSHda IT va logistika sohasida faoliyat olib borayotgan 20 dan ziyod kompaniyalar hamda viloyatdagi ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan yirik 2 ta o‘quv markazlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida yurtimizda, jumladan, Samarqand viloyatining IT salohiyati hamda IT sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan soliq imtiyozlari to‘g‘risida tushunchalar berildi, kompaniyalarga ingliz tilini mukammal biladigan kadrlarni tanlashdagi mavjud imkoniyatlar muhokama qilindi.
Mazkur tadbirda AQSH, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi IT kompaniyalar ham ishtirok etdilar.