audio

    AQSHning Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) katta vitse-prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazildi

    Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos hamda Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) katta vitse-prezidenti Daniel Runde o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda dastlab Daniel Runde o‘zi va Markaz faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berdi. U O‘zbekistonning so‘nggi yillarda AKT sohasida erishgan yutuqlarini yuqori baholadi va mamlakat jadal sur’atda rivojlanayotganini ta’kidladi.

    Oʻz navbatida, vazir birinchi oʻrinbosari O. Pekos vazirlik rejalari bilan oʻrtoqlashar ekan, “Raqamli Oʻzbekiston 2030” doirasida BPO xizmatlarini eksport qilish boʻyicha belgilangan rejalar haqida gapirib, vazirlik sunʼiy intellekt sohasini faol rivojlantirishga kirishganini qoʻshimcha qildi.

    Shu bilan birga, IT autsorsing xizmatlarini yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar, IT Park tomonidan xorijiy kompaniyalar uchun berilayotgan soliq imtiyozlari haqida ma'lumot taqdim etildi. Autsorsing xizmatlarini rivojlantirishda AQSh kompaniyalari ishtirokini yanada oshirish boʻyicha takliflar berildi.

    Bundan tashqari, O. Pekos Saudiya Arabistoning DataVolt kompaniyasi tomonidan 5 milliard dollarlik investetsiyalar asosida “Yashil” maʼlumotlar markazlari qurilayotganini aytib oʻtdi.

    Shuningdek, Oʻzbekistondagi barcha maktablar keng polosali yuqori tezlikdagi internetga ulanganini ta’kidladi.

    Bundan tashqari, “Muxlisa” ovozli yordamchi haqida suhbatlashildi hamda bugungi kunda barcha BYD avtomobillarida ovozli yordamchini joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani aytib o‘tildi.

    Yakunda tomonlar uchrashuv uchun bir-biriga minnatdorchilik bildirib, kelgusida hamkorlikda ishlashga umid bildirdi.


    • view_icon 513