audio

    Xitoydagi “Uzbekistan Outsourcing Conference”: Xitoy biznesi va Oʻzbekiston IT-tizimi oʻrtasida aloqalar oʻrnatilmoqda

    Shanxayda Oʻzbekistonda yaratilgan global biznes imkoniyatlarini namoyish etuvchi IT Park Uzbekistan tashkilotining “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri boʻlib oʻtdi. Shanxay IT-sanoati va tadbirkorlik uyushmalari vakillarining ishtiroki, shuningdek, Xitoy biznesining katta qiziqishi bu tadbirni mamlakatlar oʻrtasida IT-xizmatlar sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam sifatida belgiladi.

    Tadbirni Oʻzbekistonning Shanxaydagi konsuli Hamidjon Rahmonov ochdi. Uning nutqi Oʻzbekistonning afzalliklari — geosiyosiy mavqeyi, Xitoy bilan koʻp yillik iqtisodiy hamkorligi va yosh, malakali kadrlarga ega ekanligi haqida boʻlib, mazmunli sessiyaga asos boʻldi.

    Oʻzbekiston asosiy boyliklaridan biriga — 21 million nafar mehnatga layoqatli yoshdagi, shundan 5 million nafari ingliz tilini, 10 ming nafari xitoy tilini erkin biladigan yuqori maʼlumotli kadrlar zaxirasiga ega. Oʻzbekistonning inson kapitali mamlakatni autsorsing operatsiyalarini kengaytirishni istagan kompaniyalar uchun ideal joy sifatida namoyon etadi. Yuqorida taʼriflangan noyob xususiyatlar Oʻzbekistonni oʻz autsorsing va xizmat koʻrsatish faoliyatini kengaytirishni xohlovchi kompaniyalar uchun jozibador makonga aylantiradi.

    Shuningdek, respublika davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning misli koʻrilmagan dasturlari — “Zero Risk”, “Softlanding” va “Regional HQ”ni taqdim etdi. Bu dasturlar tez surʼatda rivojlanishni maqsad qilgan tashkilotlarga oʻz resurslarini ustuvor biznes vazifalariga yoʻnaltirish va Oʻzbekistonning istiqbolli IT-sektoriga minimal xatarlar bilan kirish imkonini beradi.

    Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan rezidentlari boʻlgan 800 dan ortiq eksportyor kompaniya Xitoy bozoriga IT va autsorsing loyihalarini amalga oshirish uchun hamkorlikka tayyor.

    Konferensiyada “BIPO” kompaniyasining mintaqaviy menejeri Yuriy Karp Oʻzbekistonda biznes yuritish boʻyicha oʻzining muvaffaqiyatli tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. U oʻz nutqida Oʻzbekiston ulkan salohiyatga ega ekanligini va jahon autsorsing bozorida asosiy rol oʻynayotganini taʼkidladi. Siyosiy barqarorlik, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va mamlakatning qulay tadbirkorlik muhiti, shuningdek, isteʼdodli mutaxassislarning koʻpligi tufayli IT-kompaniyalar tezda kengayishi va xalqaro mijozlarga samarali xizmat koʻrsatishi mumkinligini aytib oʻtdi.

    Bunday anjumanlar Oʻzbekistonning jahon maydonida autsorsing uchun istiqbolli yoʻnalish sifatidagi mavqeini mustahkamlashda muhim rol oʻynamoqda. Ular yangi ish oʻrinlarini yaratish, investitsiyalarni jalb qilish va kasbiy tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar ochib bermoqda, bu esa mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va fuqarolarning turmush darajasini oshirishga yordam beradi.


    • view_icon 2389
    : 2024-09-11 19:53:50