audio

    “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror chiqdi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, barqaror startap loyihalar ekotizimini shakllantirish va venchur kapital bozorini kengaytirish orqali mamlakatimizga xorijiy venchur investitsiyalarini jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori (PQ–357-son, 14.10.2024 y.) qabul qilindi.

    Mazkur Qarorga muvofiq:

    Startap loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Raqamli startaplar dasturi tasdiqlandi. 

    Dasturga ko‘ra, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilandi:

    – boshqaruvi ostidagi investitsiya aktivlari qiymati 50 million AQSH dollaridan ko‘p bo‘lgan xorijiy venchur jamg‘armalardan investitsiya jalb qilgan startap loyihalarga mazkur investitsiyaga teng miqdorgacha bo‘lgan, biroq 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda investitsiya mablag‘larini ajratish;

    – 5 yildan ortiq muddat faoliyat yuritayotgan hamda kamida 100 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan yetakchi xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq tadbirkorlik, biznes va korporativ yo‘nalishlardagi kurslarda o‘qish va sertifikat olish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan, biroq 20 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;

    – inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga mentorlar va trenerlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan, biroq 50 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;

    – patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari va boshqalar.

    Shu bilan birga Raqamli texnologiyalar vazirligining Dastur uchun ajratiladigan mablag‘lari hisobidan IT Park huzurida mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklida ustav fondi 10 mln dollar ekvivalentiga teng bo‘lgan raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur jamg‘arma tashkil etilmoqda.

     “UzVC” milliy venchur fondi faoliyati venchur jamg‘armalarni moliyalashtiruvchi “Fondlar fondi” sifatida qayta tashkil etilmoqda.

    Mazkur Qarorga muvofiq:

    Ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tijorat banklari va xo‘jalik jamiyatlariga quyidagilarga ruxsat berildi:

    – venchur jamg‘armalar tashkil etish, venchur investitsiyalarni amalga oshirish hamda ishonchli boshqarish shartnomasi asosida boshqa venchur jamg‘armalarga o‘z mablag‘larini berish;

    – startap loyihalarga ulish bilan kirganda o‘ziga tegishli bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obyektlarini va texnik vositalarni tekin foydalanishga berishni nazarda tutgan holda startap-studiyalar tashkil etish;

    – startap-studiyalarni boshqarish huquqini IT-Park, uning filiallari va startap-ekotizimi ishtirokchisi bo‘lgan boshqa tashkilotlarga berish;

    – o‘ziga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini startap loyihalar ekotizimi platformasida ro‘yxatdan o‘tgan startap loyihalarga davlat mulki ob'ekti uchun bekgilangan ijara stavkasining minimal miqdorida to‘g‘ridan- to‘g‘ri ijaraga berish;

    – axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish (qo‘llab-quvvatlash) bo‘yicha bir moliya yili davomida umumiy qiymati 500 million so‘mgacha bo‘lgan bitta shartnoma doirasida startap loyiha bilan, ushbu startap loyihaning ustav fondi (kapitali)da 5 foizdan kam bo‘lmagan ulushiga egalik qilish sharti bilan xarid jarayonlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirish;

    – 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi, biroq bir moliya yilida 200 million so‘mgacha, bir martalik xizmatlar (ishlar) bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar uchun mo‘ljallangan mahalliy raqamli platformalarda to‘g‘ridan to‘g‘ri buyurtmalarni rasmiylashtirish.

    Shu bilan birga , 2025-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar Dastur doirasida 1- ilovaga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 9 noyabrdagi PF -244 son Farmonida belgilangan tartib asosida raqamli startaplar sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi joriy etilmoqda.

    Dastur doirasidagi ishlarni muvofiqlashtirish Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.

    Bundan tashqari Startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

    Ushbu qaror natijasida 2027-yilga qadar 200 dan ortiq startap loyihalar inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridan o‘tadi. Startap loyihalar ishga tushishi natijasida 1 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

    Shu bilan birga kamida 20 ta startap loyiha faoliyati xalqaro bozorlarga olib chiqiladi.


    • view_icon 1030
    : 2024-10-16 09:55:47