Iqtidorli o‘zbekistonlik o‘quvchilar Vengriyaning Seged shahrida bo‘lib o‘tgan 35-Xalqaro Informatika Olimpiadasida O‘zbekiston tarixida ilk bor g‘alaba qozonib, 2 ta bronza va sharafli ishtirok (Honourable mention) diplomiga sazovor bo‘lishdi.
Shu munosabat bilan bugun, 7-sentabr kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ushbu Xalqaro olimpiada sovrindorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 2026-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro olimpiadaga yaxshi tayyorlik ko‘rish hamda oltin medalni qo‘lga kiritish uchun imkon boricha harakat qilish zarurligini ta’kidladi.
Buning uchun esa nimalarga e’tibor qaratish lozimligi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, o‘quvchilarning olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun qulay muhit yaratish va barcha imkoniyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Muloqot yakunida vazir olimpiada sovrindorlari va ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari topshirib, ularning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o’tamiz, ilk bor terma jamoa a’zolarini tayyorlash uchun Kanada davlatidan xalqaro trener jalb qilindi. Informatika olimpiadasi oltin medali sohibi, Polsha yoshlar informatika olimpiadasi bosh koordinatori Bartosz Kostka hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti doktoranti Sunnatullo Xojiyev tomonidan 10 kun davomida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan intellektual oromgoh majmuasida o‘quvchilar tayyorlanishdi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilda O‘zbekistonda ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasi bo‘lib o‘tadi.