Raqamli texnologiyalar vazirligi jamoasi Siz azizlarni, sizlarning timsolingizda ustoz degan sharafli nomni ulug‘lab kelayotgan yurtimizdagi barcha insonlarni umumxalq bayrami 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etadi.
Xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri - ustozlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularni ulug‘lashdir.
Bugun mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish jahonning ko‘plab davlatlari tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda.
Yurtimizda bog‘cha, maktab va oliy ta’lim tizimida ishlayotgan tarbiyachilar, o‘qituvchi va domlalar mehnatini munosib qadrlash, ularning ish haqini, jamiyatdagi nufuzini oshirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Soha rivojiga bo‘lgan ana shunday e’tibor maktablarda o‘quv-tarbiya jarayonlarini sifat jihatidan o‘zgartirishga, o‘qituvchilar tarkibini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Ustoz-murabbiylarning ishga, hayotga munosabati va mas’uliyati tubdan o‘zgarib, ularning doimiy izlanib, yangilikka intilib yashayotgani, ilg‘or ta’lim texnologiyalari va metodikalarini puxta o‘zlashtirib borayotgani, hech shubhasiz, hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Har bir jajji bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxsh etadigan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamoli uchun javobgar o‘qituvchi va murabbiylar fidoyi kasb egalaridir.
Har bir sohada dunyodagi eng sharafli va mashaqqatli kasb egasi bo‘lgan Siz azizlarni, shu jumladan, axborot-kommunikatsiyasi sohasida ham yoshlarga bilim va malakasini oshirishga qo‘shayotgan samarali mehnatingiz uchun tashakkur bildiramiz!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!