audio

    “Ipak yo‘li” jamg‘armasi raisi bilan istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi

    Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya “Bir makon, bir yo‘l” forumi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safarini amalga oshirmoqda.

    Xizmat safari doirasida navbatdagi uchrashuv “Ipak yo‘li” jamg‘armasi raisi Chju Szyun bilan bo‘lib o‘tdi. 

    Uchrashuvda O‘zbekistonda axborot texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Shuningdek, O‘zbekistonda Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda telekommunikatsiya va elektron hukumat infratuzilmasini yanada rivojlantirish, axborot texnologiyalari bozorini kengaytirish va IT-xizmatlar eksportini oshirish, dunyoning yetakchi IT-kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar bilan tanishtirildi.

    Shu bilan birga, Jamg‘arma rahbari Chju Szyun O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, axborot texnologiyalari sohasida erishilayotgan natijalarni e’tirof etdi.

    Bundan tashqari, suhbat chog‘ida jamg‘arma raisi Chju Szyun IT-Park loyihasining 1-bosqichi bilan batafsil tanishtirildi va mazkur loyihaning 2-bosqichini “Ipak yo‘li” jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. 

    “Ipak yo‘li” jamg‘armasi raisi ushbu loyihaga qiziqish bildirib, mazkur loyihani har ikki tomonning mas’ul mutaxassislari tomonidan ishlab chiqishga kelishib olindi.


    • view_icon 682
    : 2023-10-17 14:32:13