audio

    “ICT Week Uzbekistan – 2023” Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi

    Bugun, 24-oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

     Bugun, 24-oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

    Oʻzbekistonda AKT sohasidagi eng yirik tadbir – “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boʻlib oʻtmoqda. Soʻnggi 19 yil davomida ushbu tadbir anʼanaviy tarzda bir qator ixtisoslashtirilgan tadbirlarni yagona formatda birlashtirib kelmoqda.

    ICTWEEKʼning asosiy maqsadi — tajriba almashish uchun platforma yaratish va zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarning soʻnggi yutuqlarini namoyish etishdan iborat. Bu Oʻzbekiston IT bozorining xorijiy investorlar uchun jozibadorligi haqida gapirish uchun ham ajoyib imkoniyatdir.

    Shuningdek, tadbir Toshkent shahrining 3 ta asosiy nuqtalarida bo‘lib o‘tishi belgilangan bo‘lib, bular:

    – “CAEx (Central Asian Expo Uzbekistan)” ko‘p funksiyali ko‘rgazma markazi;

    – Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT Park majmuasi;

    – Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi.

    Forumning birinchi kuni, 24-oktabrda Startap sammiti boʻlib oʻtadi, uning maqsadi mehmonlarni Oʻzbekiston startap ekotizimi, mintaqadagi eng yaxshi startaplar, investorlar va innovatsion kompaniyalar bilan tanishtirishdir. Tadbir doirasida xorijdan taklif etilgan ekspertlarning chiqishlari rejalashtirilgan. Tadbirning yakuniy bosqichi xalqaro venchur fondlari va mahalliy startaplar oʻrtasidagi B2B uchrashuvlar boʻlib, kelajakdagi investitsiyalar va hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratadi.

    “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023” rasmiy ochilish marosimi tadbirning ikkinchi kuni, 25-oktabrda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Xorijiy tashkilotlar vakillarining kirish soʻzlari va chiqishlaridan soʻng rasmiy eʼlonlar va taqdimotlar boshlanadi. AKT haftaligi doirasida “Muxlisa” sunʼiy intellekti; my.gov.uz saytining yangi versiyasi, MyID ekotizimi imkoniyatlari va istiqbollari, Aloqa Bank talaba kartasi, Face ID toʻlov tizimi, “O‘zbektelekom IPO”ga chiqish taqdimoti, Huawei (Xitoy) kompaniyasining O‘zbekistonda “IT ta’limga e’tibor” – korporativ ijtimoiy mas’uliyati taqdimoti, Plug and play (AQSH) kompaniyasi boshqaruvchisi O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirishning yangi ekotizimi taqdimoti va boshqalar taqdim etiladi.

    Shu kuni “Techno Women Kazakhstan” va IT-taʼlim Assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan “Empowering Women in IT: Leading the Digital Revolution” sammiti, shuningdek, Markaziy Osiyo “IPv6 Enhanced” sammiti boʻlib oʻtadi.

    ICTWEEK’ning uchinchi kuni xorijiy ekspertlar chiqish qiladigan “Uzbekistan Outsourcing” forumi va ICT EXPO – 2023 koʻrgazmasining ochilishi bilan esda qoladi.

    26-oktabrda IT Park tomonidan koreyalik hamkorlar KOICA, NIPA, UNIDO Korea va KOIIA bilan birgalikda oʻtkaziladigan “Uzbekistan-Korea ICT Business Partnership” forumi ushbu kunning yirik tadbirlaridan biri boʻladi.

    Unda Koreyaning 20 dan ortiq IT-kompaniyalari ishtirok etadi. Tadbir mahalliy IT-kompaniyalarga koreyalik hamkorlar bilan hamkorlikda shartnomalar tuzish va yangi loyihalarni boshlash imkoniyatini taqdim etadi.

    Milliy kutubxona zalida yana bir yirik tadbir – IT-taʼlim forumi boʻlib oʻtadi, unda muvaffaqiyatli IT-influenserlar soʻzga chiqishadi. Tadbir doirasida uchta musobaqa: ICPC, “President Tech Award” xakatoni va TOP-5 yosh isteʼdodlar konkursi gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Jahon Bankining “O‘zbekistonda elektron tijorat bozorida qanday muvaffaqiyatga erishish mumkin” mavzusidagi Forumi bo‘lib o‘tadi.

    27-oktabr, AKT haftaligining soʻngi kunida Oʻzbekiston IT-sohasida investitsiya va davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlariga bagʻishlangan forum hamda vazirlik va tashkilotlar oʻrtasidagi B2B sessiyalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

    Shu kuni mehmonlar ICT Expo doirasida boʻsh ish oʻrinlari va taʼlim yarmarkasiga tashrif buyurishlari mumkin.

    “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023” haftasining yopilish marosimi madaniy tadbirlar va AKT haftaligi mukofoti gʻoliblarini taqdirlash bilan yakunlanadi.

    “O‘zbekiston 2030” strategiyasidagi 100 ta maqsaddan sohamizga belgilanganlariga erishish uchun navbatdagi AKT haftaligi muhim qadam bo‘ladi.

    33-maqsad – Yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish uchun birinchi marotaba haftalik doirasida IT ta’lim forumi o‘tkazilmoqda. Bu 2030-yilga kelib 300 ming yoshlarimizni IT sohasida yuqori maoshli ish bilan ta’minlash bo‘yicha asosiy samaradorlik ko‘rsatkichimizga erishishga yordam beradi.

    57-maqsad – mamlakatni mintaqaviy “IT-HUB”ga aylantirish bo‘yicha chet eldan yuzlab mehmonlar taklif etilgan va ular uchun maxsus “O‘zbekiston autsorsing” forumi tashkil etilmoqda. Chet ellik sayt selektorlar va OAV vakillari O‘zbekistondagi sharoitlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib ketishlari mamlakatimizga IT autsorsing kompaniyalarining ko‘proq kirib kelishiga va 2030 yilgacha yillik eksportni 5 mlrd dollarga chiqarishga yordam beradi.

    77-maqsad – Davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha “Raqamli hukumat – insonlar uchun” mavzusidagi sammitida qatnashadigan xalqaro ekspertlar va davlat idoralarining raqamlashtirish bo‘yicha mas’ullari ushbu maqsaddagi 2030-yilga kelib dunyodagi TOP 30 ta aholisi va tadbirkorlarga eng yaxshi raqamli xizmatlar ko‘rsatadigan mamlakatlar qatoriga chiqish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni batafsil ko‘rib chiqishga imkon beradi.

    Albatta, boshqa qator tadbirlar, shu jumladan, AKT ko‘rgazmasi ham raqamlashtirish sohasidagi o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochishga yordam beradi.

    Barchani 25-oktabr 10:00da rejalashtirilgan ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimiga taklif etamiz.

    Manzil: “CAEx” (Central Asian Expo Uzbekistan), Toshkent sh., Milliy bog‘ ko‘chasi, 1-uy (Central Asian University yonida)

    Jami 5000 kv.m maydonda tashkil etilayotgan “ICTEXPO” ko‘rgazmasida jami 100 dan ziyod xorijiy va mahalliy IT kompaniyalar ishtirok etishi kutilmoqda hamda100 ga yaqin xorijiy yirik kompaniyalar – Plug and Play, Nokia, ZTE, Huawei, Innotech, Yandex va IT Park rezidentlari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi mahalliy yirik kompaniyalar – Uzbektelecom, UZINFOCOM, UNICON kompaniyalari yangi innovatsion dasturiy mahsulotlarining taqdimotlari bo‘lib o‘tadi.


    • view_icon 688
    : 2023-10-31 13:37:22