audio

    Toshkentda birinchi bor “O‘zbekiston – Koreya AKT Biznes hamkorlik” forumi o‘tkazildi

    “ICTWEEK Uzbekistan – 2023” haftaligi doirasida koreyalik hamkorlar, KOICA, NIPA, UNIDO Korea va KOIIA bilan hamkorlikda birinchi “O‘zbekiston – Koreya AKT biznes hamkorligi” forumi bo‘lib o‘tdi. Biznes forum yigirmadan ortiq Koreya IT-kompaniyalarini qamrab oldi va forumda bir qator B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.

    Forum mahalliy IT-kompaniyalarga koreyalik hamkorlar bilan shartnomalar tuzish va yangi loyihalarni boshlash imkoniyatini taqdim etdi.

    Forumni UNIDO Korea direktori Maeng-ho Shin ochib berdi. U o‘z nutqida globallashuv jarayonida AKT sohasining hal qiluvchi roli, innovatsiyalar va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligi haqida fikr bildirdi.

    Shundan so‘ng KOICA markazining O‘zbekistondagi direktori Shin Myung Seop O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik salohiyati haqida nutq so‘zladi. U har ikki davlatning texnologik taraqqiyot uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha umumiy qarashlar va maqsadlarga erishish uchun o‘zaro hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha gapirib o‘tdi. 

    Forumning diqqat markazida mahalliy va Koreya IT-kompaniyalari o‘rtasidagi B2B uchrashuvlar bo‘ldi. Ushbu uchrashuvlar kelgusida har ikki mamlakatning IT-kompaniyalari uchun samarali munozaralar olib borish, salmoqli hamkorlikni o‘rganish va mazmunli aloqalarni o‘rnatish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi.

    Janubiy Koreya axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekistonning azaliy hamkori bo‘lib, bu tashabbuslar ikki davlat xususiy sektorlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan.


    • view_icon 668
    : 2023-10-31 18:33:14