audio

    TATU Osiyo universitetlarining TOP-1000 taligidan joy oldi

    Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilayotgan “QS Higher Education Summit Asia Pacific 2023” sammiti doirasida QS reyting tashkiloti Osiyo universitetlarining 2024-yil uchun reyting (QS Asia University Rankings 2024) natijalarini e’lon qildi.

    Unga ko‘ra, mamlakatimizning 6 ta hududidan 14 ta oliy ta’lim muassasasi TOP-1000 talikdagi Osiyoning eng yaxshi universitetlari ro‘yxatiga kiritildi.

    Joriy yilda xalqaro tan olinganlik darajasi, ilmiy-tadqiqotlar rivoji, ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik, akademik mobillik sohalari bo‘yicha Osiyo oliygohlari reytingida 25 ta davlatdan 856 ta (148 ta ilk marta) oliygoh ishtirok etdi.

    Bunda O‘zbekistonning 3-ta O‘zMU, “TIQXMMI” MTU, TDIU oliygohlari “Akademik reputatsiya” indikatori bo‘yicha “TOP-200” oliygohlar qatoridan o‘rin egalladi. O‘zMU “Akademik reputasiya” bo‘yicha nisbatan etakchi bo‘lib, 135-o‘rinda qayd etildi. Mazkur indikator bo‘yicha 7 ta OTM o‘z o‘rnini yaxshilashga erishgan. “Ish beruvchilar o‘rtasidagi reputasiya” indikatori bo‘yicha “TIQXMMI” MTU 208-o‘rin, “Professor-o‘qituvchilar va talabalar nisbati” indikatori bo‘yicha 124-o‘rinni egalladi.

    Xalqaro reytinglarda ilmiy-tadqiqotlar rivoji respublika OTMlarining egallagan o‘rnini yaxshilashda asosiy imkoniyatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. “TIQXMMI” MTU respublikada “ilm-metrik” ko‘rsatkichlar, jumladan bitta maqolaga nisbatan iqtiboslar soni bilan o‘lchanuvchi ilmiy ishlarning ta’sir doirasi (mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Osiyo oliygohlari orasida 768-o‘rin) va bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keluvchi ilmiy maqolalar soni bilan o‘lchanuvchi ilmiy-tadqiqot samaradorligi (mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Osiyo oliygohlari orasida 615-o‘rin) bo‘yicha etakchi sifatida qayd qilindi.

    O‘zMU respublikada xalqaro ilmiy kollaborasiyalar bilan hamkorlik bo‘yicha nisbatan faol OTM sifatida qayd qilingan bo‘lib, “Xalqaro ilmiy kollaborasiyalar indeksi” indikatori bo‘yicha 578-o‘rinni egalladi. Shuningdek, “TIQXMMI” MTU “Ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar ulushi” indikatori bo‘yicha respublika OTMlari orasida etakchi bo‘lib, 376-o‘rinni egalladi. O‘zMU “Xorijiy professor-o‘qituvchilar ulushi” bo‘yicha mintaqaviy reytingda yuqori natijani qayd qilgan bo‘lsa (90-o‘rin), TDIU “Xorijiy talabalar ulushi” bo‘yicha mintaqaviy reytingda 130-o‘rinda qayd qilindi.


    • view_icon 591
    : 2023-11-09 12:22:33