Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Oleg Pekos Saudiya Arabistonining “Vision Invest” kompaniyasi Prezidenti hamda bosh ijrochi direktori Omar al Midani bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda raqamlashtirish, telekommunikatsiya sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mehmonlarga O‘zbekistonda Data markazlar faoliyati, telekommunikatsiya yo‘nalishida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shu bilan birga, raqamli infrastrukturani rivojlantirish, IT sohasi hamda yoshlar uchun yaratib berilgan imkoniyatlar haqida gaplashildi.
Uchrashuv yakunida har ikki tomon vakillari o‘zaro sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ularni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib, kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun, Vision Invest Saudiya Arabistonining yetakchi rivojlanish va sarmoyaviy xolding kompaniyasi bo‘lib, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi va undan tashqarida davlat va xususiy sektor hamkorligining yetakchisi hisoblanadi.
Hozirgi kunda kompaniya 96 mlrd dollardan ortiq aktivlarni boshqaradi. Uning asosiy yo‘nalishi telekommunikatsiya, energetika, suv yetkazib berish, kommunal xizmatlar, qurilish, transport, ko‘chmas mulk loyihalarini integratsiyalashni o‘z ichiga oladi.