Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Stirling Foundation” nodavlat xayriya jamg‘armasi prezidenti Maylz Xansen boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvdan maqsad – “Stirling Foundation” jamg‘armasi tomonidan O‘zbekistonda moliyalashtirilishi mumkin bo‘lgan loyihalarni aniqlash va kelishish hamda ularni joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish kabi masalalar yuzasidan muhokama o‘tkazishdan iborat edi.
Uchrashuvda, shuningdek, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bolalar va yoshlarning IT ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash hamda ularni moliyalashtirishda tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda jamg‘arma o‘rtasida o‘zaro istiqbolli yo‘nalishlarda, jumladan, ta’lim va IT-tadbirkorlik sohasida birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov davlatimiz rahbari tomonidan soha oldiga belgilab berilgan 3 ta asosiy maqsadga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, dasturiy mahsulotlar eksportini rivojlantirish, 2030-yilgacha 300 mingta yoshlarni IT sohasida ish bilan ta’minlash, shuningdek, xalqaro reytingda elektron hukumat bo‘yicha Top-30 talikka kirish ustuvor vazifa ekanini alohida qayd etdi. Bu maqsadlarga erishish uchun inson kapitalining roli muhimligi va yoshlarning IT ta’lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu yo‘nalishlarda samarali faoliyat olib borishda “Stirling Foundation” nodavlat xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda ishlashdan mamnunligini bildirdi.