audio

    “MWC Barcelona-2024” Jahon mobil kongressida Huawei kompaniyasi bilan hamkorlik faoliyatini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi va ko‘rgazma doirasidagi yangi texnologiyar bilan tanishildi

    “MWC Barcelona-2024” Jahon mobil kongressida ishtirok etayotgan Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi “Huawei Technologies Co. Ltd.” kompaniyasining ko‘rgazmasida yangi zamonaviy yechimlar bilan tanishdi.

    Jumladan, 4/5/5.5G aloqa tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha yechimlari, DWDM (telekommunikatsiyalar transport tarmog‘i texnologiyasi) shaharlararo va shahar ichidagi telekommunikatsiya transport tarmog‘i texnologiyalari, aqlli uy, aqlli shahar texnologiyalarida raqamli texnologiyalarni qo‘llash va boshqa bir qator texnologiyalar ko‘zdan kechirildi. 

    Bu borada mobil aloqa texnologiyalari yo‘nalishida 5.5G yangi avlod ma’lumotlar uzatish texnologiyasi taqdimoti bilan tanishildi. 5.5G yangi avlod ma’lumotlar uzatish texnologiyasini yaratishda kundan kunga zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektning jadallik bilan rivojlanib borayotganligi, telekommunikatsiya tarmoqlarida ma’lumotlar almashuvi hajmi (trafigi) keskin o‘sib borayotgani inobatga olinib yaratilganligi aytildi. 

    Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishda zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish borasida Huawei kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan raqamli shifoxona tizimi bilan tanishildi.

    Xususan, ushbu tizim jami 110 dan ziyod davlat va shaharlardagi 5000 dan ziyod sog‘liqni saqlash tizimlariga xizmat ko‘rsatib kelinayotganligi hamda bu davlatlarning ichida Germaniya, Fransiya va Ispaniya kabi yevropaning yetakchi davlatlari borligi ta’kidlab o‘tildi. 

    Shuningdek, Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha prezidenti Wang Shunli bilan uchrashuvda telekommunikatsiya sohasida amalga oshirilgan ishlar natijalari muhokama qilindi va AKT infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasidagi yangi rejalar belgilab olindi.


    • view_icon 695
    : 2024-02-27 17:03:12