Vazir Sirdaryodagi “IT-shaharcha”da yoshlarning taʼlim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi
2025-02-06 10:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur IT-shaharcha zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan bo‘lib, u yerda yiliga 1500 nafardan ortiq yoshlar dasturlash, grafik dizayn, game development kabi sohalarda chuqur bilim olishi mumkin. Shuningdek, talabgorlar ingliz tili va boshqa xorijiy tillarni ham bepul o‘rganish imkoniyatiga ega.
Vazir shaharchadagi o‘quv auditoriyalari, laboratoriyalar va amaliy mashg‘ulotlar uchun ajratilgan maxsus xonalar bilan tanishib, bu kabi IT markazlar orqali yoshlarning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha malaka oshirishlari, IT sohasi bo‘yicha ish topishlari hamda xalqaro bozorga chiqishlari uchun keng imkoniyatlarni oshirish lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, vazir IT ta’limni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berdi. Xususan, shaharchada BPO (Business Process Outsourcing) markazini tashkil etish, shu orqali bitiruvchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rinlari yaratish va ularni masofaviy ishlashga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.






