Qoraqalpog‘iston Respublikasida xotin-qizlarning IT sohasidagi salohiyatini oshirishga yordam berilmoqda
2025-10-30 16:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida vazir maslahatchisi Nukus shahridagi IT Park binosida bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha kotibiyati boshlig’i Bayramgul Ayimbetova bilan uchrashdi. Uchrashuvda hududda IT sohasini rivojlantirish, yoshlarni, ayniqsa ayol-qizlarni ish bilan ta’minlash, raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish hamda startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hududda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda “Ayollar daftari” va “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan xotin-qizlarni AT sohasiga o‘qitish masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Shuningdek, tashrif doirasida IT sohasiga qiziquvchi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, raqamli texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlar hamda xotin-qizlarning bu yo‘nalishda faolligini oshirish masalalari o‘rganildi.
Hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ko‘plab qizlarning IT sohasida rivojlanishiga asosiy to‘siq — ota-onalarning bu kasbning barqarorligi va kelajagiga ishonchsizligidir.
Shu sababli, tashkilotchilar bilan birgalikda ota-onalar uchun uchrashuvlar va suhbatlar tashkil etishni rejalashtirmoqda. Uchrashuvlarda texnologiya sohasida muvaffaqiyatga erishgan xotin-qizlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, IT yo‘nalishining haqiqiy imkoniyatlarini namoyish etishadi.
Bu hikoyalar nafaqat ota-onalarning fikrini o‘zgartiradi, balki yoshlarni ham ruhlantiradi. IT sohasi orqali professional o‘sish, moliyaviy mustaqillik va yangi imkoniyatlarga eshik ochilishi mumkinligi ta’kidlanadi.
Bundan tashqari, Kamola Sobirova IT Park rezidenti “Vox-Box” kompaniyasiga tashrif buyurib, bu yerda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan uchrashdi. Suhbat davomida ularning IT sohasidagi tajribasi, kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari hamda ayollar uchun yaratilayotgan sharoitlar muhokama qilindi.









