O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi vazir Sherzod Shermatov boshchiligidagi vazirlikning quyi tashkilotlari va mahalliy aloqa operatorlari vakillaridan iborat delegatsiya Huawei kompaniyasining Shenchjen shahridagi bosh qarorgohiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida kompaniyaning ko‘rgazma zallari bo‘ylab tanishuv o‘tkazildi.
Tashrif davomida kompaniya AKT texnologiyalari, jumladan, 5G va 5,5G, Sun’iy intellekt, bulutli hisoblash, energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun raqamli yechimlar sohasidagi innovatsiyalar va tendensiyalarni taqdim etdi. Xitoyda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan raqamli loyihalar, jumladan, ta’lim muassasalari va ularning kampuslari, ijtimoiy va transport obyektlari, alohida tuman va shaharlarni raqamlashtirish loyihalari asosida tajriba almashildi.
Tashrif chog‘ida kompaniyaning AKT sohasida erishgan yutuqlari, dasturchilar va ularning imkoniyatlarini kengaytiruvchi yangi innovatsion yechimlar, yangi raqamli va turistik ekotizimlar bilan ham tanishildi.
5G tarmog‘ining imkoniyatlari va uni yangi yo‘nalishlarda qo‘llash tajribasi o‘rganildi.
Huawei kompaniyasining 5G tarmog‘ini xorijdagi bir qator yo‘nalishlarda qo‘llashning ilg‘or tajribasi namoyish etildi. Shuningdek, tashrif davomida kompaniya tomonidan keyingi avlod – 5,5G tarmog‘ini ishga tushirish bo‘yicha rejalari bilan tanishildi.