Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ZTE korporatsiyasining katta vitse-prezidenti Mey Jonxua bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda IT Park Uzbekistan hududida tashkil etilayotgan ZTE'ning BPO masofaviy xizmatlar markazining kelgusidagi faoliyati, ma’lumotlar markazi loyihasi holati, hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha atroflicha suhbatlashildi.
Shuningdek, telekommunikatsiya yo‘nalishida hamkorlik, jumladan, mobil hamda simli internet tarmog‘ini kengaytirish, aloqa sifati va tezligini yanada oshirish, olis aholi punktlarini kommunikatsiyalar bilan qamrab olish, “O‘zbektelekom” imkoniyatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, uchrashuvda Data markazlar faoliyatiga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, vazir IT Park Uzbekistan hududida Saudiya Arabistoning Datavolt kompaniyasi tomonidan “Yashil” Ma’lumotlar markazi tashkil etilayotganini ta’kidladi.
Shu maqsadda, ZTE kompaniyasi bilan ham Data markazlar yo‘nalishini kengaytirishda hamkorlikda ishlash, mavjud loyihalarning borishini tezlashtirish, shuningdek, kompaniya bilan tashkil etilayotgan BPO xizmatlar markazi faoliyatini kengaytirish bo‘yicha takliflar berildi.