Toshkent viloyatida kreativ iqtisodiyot va kosmik robototexnika yo‘nalishlarini qamrab olgan ilk “IT-shaharcha” ish boshladi
2026-03-27 18:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov hamda Parkent tumani hokimi Elmurod Po‘latov ishtirok etdi. Tadbir davomida hududdagi yosh startapchilar o‘z loyihalarini taqdim etib, ularni amaliyotga joriy etish va rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Ma'lumot uchun, “IT-shaharcha” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-maydagi PQ-178-son qarori asosida yoshlarni raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga bepul o‘qitish maqsadida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida respublikaning 13 ta hududida jami 15 ta “IT-shaharcha” tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning barchasi yoshlar uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni bepul egallashga xizmat qiluvchi innovatsion ekotizimni shakllantiradi.
Bugungi kunda Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan “IT-shaharcha”larda 1 300 dan ortiq o‘quvchi AT va xorijiy tillar yo‘nalishlarida bepul ta’lim olmoqda, ularda 27 nafar tajribali mentor faoliyat olib bormoqda.
Parkent tumanidagi “IT-shaharcha” 60 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, markazda dasturlash, grafik dizayn, o‘yin yaratish (GameDev), kosmik-robototexnika hamda xorijiy tillar yo‘nalishlarida o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, markazda kutubxona, shaxmat xonalari, workout maydonchalari hamda kovorking zonalari tashkil etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va ijodiy g‘oyalar ustida ishlashi uchun qulay muhit yaratildi.
“Samsarak” mahallasida yo‘lga qo‘yilgan “IT-shaharcha” nafaqat ta’lim maskani, balki AT xizmatlari, frilanserlik va startaplar rivoji uchun ham amaliy platforma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.






