Oʻzbekiston va 4iG raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi
2026-04-01 13:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Toshkentda bo'lib o'tayotgan “Space Technology Conference STC-2026” xalqaro konferensiyasi doirasida Vengriyaning 4iG kompaniyasining kosmik yo‘nalish bo‘yicha direktori va vitse-prezidenti Robert H. Nagy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muhokamalar milliy AT sektorini rivojlantirish masalalariga qaratildi, jumladan, data-markazlar tashkil etish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish hamda raqamli xizmatlar eksportini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonning strategik geografik joylashuvi va yaxshilanib borayotgan biznes muhiti yirik hajmdagi ma’lumotlar infratuzilmasini joriy etishda muhim omillar sifatida alohida ta’kidlandi.
Yaqin Sharqdagi geosiyosiy noaniqliklar fonida xavfsiz ma’lumotlarni saqlashga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda, tomonlar O‘zbekistonni mintaqaviy data xabga aylantirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
Qo‘shimcha ravishda, masofaviy bandlik formatlarini kengaytirish, malakali kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda global bozorlarda faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalar uchun autsorsing imkoniyatlarini kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, innovatsiyalarga asoslangan o‘sishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida faol startap ekotizimini shakllantirish va xorijiy venchur kapitalni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning AT va raqamli xizmatlar sohasidagi katta salohiyatini e’tirof etib, mamlakatni mintaqaviy AT va data xabga aylantirish yo‘lida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.



