IT Park Uzbekistan hududida Navro‘z sayli: milliy an’analar va zamonaviylik uyg‘unlashdi
2026-04-02 17:05:00 / Vazirlik yangiliklari

IT Park Uzbekistan majmuasi hududida milliy qadriyat va an’analarni ulug‘lovchi, ko‘tarinki ruhdagi Navro‘z sayli keng nishonlandi. Bahorning ilk nafasi, yangilanish va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘z munosabati bilan tashkil etilgan tadbir vazirlik jamoasini birlashtirgan, samimiy va bayramona muhitda o‘tdi.
Sayilda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligida vazirlik rahbariyati va xodimlari, shuningdek, vazirlik korxona va tashkilotlari rahbar-xodimlari ham faol ishtirok etdi. Bu esa tadbirning qamrovini yanada kengaytirib, butun tizimdagi jamoaviy birlik va hamjihatlikni yanada mustahkamladi.
Tadbir davomida milliy taomlar ko‘rgazmasi, ayniqsa, Navro‘zning ajralmas ramzi bo‘lgan sumalak tayyorlash jarayoni katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, bayram dasturi doirasida milliy qo‘shiq va raqslar, xalq o‘yinlari hamda an’anaviy urf-odatlar namoyish etildi. Milliy liboslardagi chiqishlar va madaniy sahna ko‘rinishlari tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
Vazir Sherzod Shermatov o‘z so‘zida Navro‘zning insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlash, jamoada hamjihatlik va birdamlikni oshirishdagi ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi hamda barchani bayram bilan tabriklab, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ham ana shunday ezgu qadriyatlar yotishini ta’kidladi.
Mazkur sayil nafaqat bayramona tadbir, balki jamoa ruhini ko‘tarish, milliy qadriyatlarga hurmatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.









