Xotin-qizlarning raqamli va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan dastur ishga tushirildi
2026-05-06 12:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur dasturga bag‘ishlangan rasmiy tadbirda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, tarkibiy to‘siqlarni kamaytirish hamda zamonaviy iqtisodiyotda teng imkoniyatlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Dastlab umumiy budjeti 4,9 million yevroni tashkil etuvchi loyiha doirasida:
— kamida 1 500 nafar xotin-qizning, jumladan nogironligi bo‘lgan ayollarning raqamli va moliyaviy savodxonligini oshirish;
— 3 000 nafardan ortiq ayolni mehnat bozori uchun dolzarb kasbiy ko‘nikmalarga o‘qitish rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbuslar Raqamli texnologiyalar vazirligining inson kapitalini rivojlantirish, xotin-qizlarni AKT sohasiga keng jalb qilish hamda raqamli ko‘nikmalarni ommalashtirish bo‘yicha ustuvor maqsadlariga hamohang bo‘lib, 2026–2028-yillar davomida amalga oshiriladigan loyiha va tashabbuslarni tizimli baholash hamda saralash maqsadida shakllantirilgan maxsus kengash tarkibiga vazirlik ham kiritildi.
Dastur xotin-qizlarning ta’lim, bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni ta’minlash hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.





