Joriy yilning 20-iyul kuni Toshkent shahrida “Startup Garage” – O‘zbekistondagi birinchi startaplar uyining ochilish marosimi hamda “Startup Foundation” birinchi onlayn dasturining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu marosimda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari O. Umarov, O‘zbekistondagi yetakchi banklar rahbar-xodimlari, shuningdek, kompaniyalarning startapchilari ishtirok etdi.
“Startup Garage” – bu innovatsion va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbus bo‘lib, u O‘zbekistonda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, sarmoya jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilgan.
Ushbu loyiha orqali, yosh va iste’dodli tadbirkorlarga zarur resurslar, bilimlar va ko‘nikmalar taqdim etiladi, ular o‘z loyihalarini ushbu joyda turib muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu orqali startap loyihalar bilan shug'ullanayotgan yoshlarga munosib imkoniyat yaratiladi.
Ushbu loyiha tadbirkorlik va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan. Loyiha respublika darajasidagi yirik banklar va moliyaviy tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Tadbir davomida ushbu loyihaning ahamiyati, kelgusidagi bu orqali startapchilarni qo‘llab-quvvatlash rejalari haqida fikrlar bildirildi. Shuningdek, “Startup Garage”da hozirgacha 5 ta – Magicbot, Pulseev.uz, Ish.uz, Ameen Group hamda Vamar TMS kabi loyihalarni o‘z ichiga olgan yirik startapchilarning taqdimotlari o‘tkazildi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida pitch-sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Unda bank rahbarlari va startap asoschilari tajriba almashib, hamkorlik rejalarini va investitsiya masalalarini muhokama qildilar.
“Startup Garage” loyihasini qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar qatorida Aloqabank, Aloqaventures, Ipotekabank, Mohirdev va Mohirlar kabi yirik moliyaviy institutlar bor.
Startup Garage’da qatnashishning o‘ziga xos afzalliklari mavjud.
Jumladan, loyihalar zarur resurslar va tajribali murabbiylar bilan ta’minlanadi. Startaplar uchun sarmoya jalb qilish imkoniyatlari yaratiladi. Shu bilan birga, yirik moliyaviy institutlar va boshqa tadbirkorlar bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Bundan tashqari, boshqa startaplar bilan tajriba almashish va hamkorlik qilish, loyihalarga marketing va reklama bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi, bu esa ularning bozorda o‘z o‘rnini topishiga yordam beradi.
Startup Garage’ga kirish uchun, startupgarage.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish yoki +998770475753 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish kerak bo‘ladi.