Koreyada raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha malaka oshirish dasturi boshlandi
2026-06-11 19:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Koreya Respublikasida Mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari salohiyatini rivojlantirish instituti (LOGODI) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda mahalliy hokimiyat organlari xodimlarining salohiyatini oshirish dasturi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dasturda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar, Adliya, Ichki ishlar, Suv xo‘jaligi, Qishloq xo‘jaligi va Sog‘liqni saqlash vazirliklari rahbarlari, Turizm hamda Soliq qo‘mitasi vakillari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahri Olmazor tumani hokimliklarining raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha mas’ul mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Ochilish marosimida LOGODI prezidenti An Jun Ho, Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Kim Min Je, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov hamda dasturda ishtirok etayotgan vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi.
Dastur doirasida ishtirokchilar raqamli hukumat, davlat boshqaruvida innovatsion yondashuvlar, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda Koreyaning ilg‘or tajribalariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotlari va amaliy tashriflarda qatnashadilar.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvida raqamli transformatsiya bo‘yicha tajriba almashish hamda mutaxassislar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Dastur Koreya Respublikasi granti asosida amalga oshirilmoqda.






