audio

    IT Park Uzbekistan rezidentlarga global bozorda oʻz ishtirokini kengaytirishga va xorijiy mamlakatlardan hamkorlarni jalb qilishga yordam berish maqsadida “Local2Global” dasturini ishga tushirdi

    Xorijiy korxonalar tomonidan Oʻzbekiston kompaniyalariga boʻlgan qiziqish jadal oʻsib bormoqda — “Global Business Services Forum” doirasida boʻlib oʻtgan "Tech.Expo" koʻrgazmasida rezidentlarimizning muvaffaqiyati buning tasdigʻidir: 30 nafar ishtirokchi xorijiy mehmonlar bilan ikki tomonlama kelishuvlar va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha 60 dan ortiq muzokaralar oʻtkazdilar.

    Boshqa mamlakatlar kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirish maqsadida IT Park Uzbekistan oʻz rezidentlariga foydali shartnomalar tuzish va chet elda IT va autsorsing xizmatlarini koʻrsatishda faol koʻmaklashishga tayyor.

    Yaponiya va Koreyaga yoʻnaltirilgan dastlabki ikki guruh allaqachon 25 nafar ishtirokchini jalb etdi. Ular uchun IT Park Uzbekistan jamoasi 2 oy davom etadigan eksportga chiqish boʻyicha maxsus dastur tashkil qildi. Dastur kompaniya portfoliosi va vizual elementlarini tayyorlash, raqamli platformalarda marketing targʻiboti va rezident kompaniyalar xodimlari uchun treninglar oʻtkazishda yordam berishni oʻz ichiga oladi.

    Bundan tashqari, ishtirokchilarga xorijiy sayohatlarni tashkil etishda va maqsadli mamlakatlarning sanoat koʻrgazmalari hamda konferensiyalarida qatnashishda yordam koʻrsatiladi, bu yerda rezidentlar buyurtmachi kompaniyalar bilan ishbilarmonlik aloqalarini va hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Dastur muvaffaqiyatli yakunlangandan soʻng, kompaniyalarga bozorni oʻrganish va potensial mijozlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish maqsadida mos ravishda Yaponiya va Koreyaga tashrif uyushtiriladi.

    “Local2Global” dasturi doirasida rezident-ishtirokchilarga moliyaviy koʻmak ham beriladi — IT Park Uzbekistan kompaniyalarning qiziqishini ragʻbatlantirish maqsadida quyidagi xarajatlarning 50 foizigacha qoplab beradi:

    • taniqlikni oshirish yoki mutaxassislardan taʼlim olish;
    • mahalliy xodimlar va ularning faoliyati bilan tanishish maqsadida xorijiy hamkor kompaniyalarning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish;
    • netvorkingni yoʻlga qoʻyish va yirik kompaniyalar tajribasini oʻzlashtirish maqsadida xalqaro tadbirlar va konferensiyalarda ishtirok etish;
    • eksport sohasidagi maslahatchilar xizmatlariga sarflanadigan xarajatlar.

    Taʼkidlash joizki, “Local2Global” dasturi ishtirokchilari uchun eksportni rivojlantirish rejasi qoʻyiladi.

    Dasturda ishtirok etish uchun rezidentlar my.it-park.uz kabinetida shaklni toʻldirishi lozim.

     

     


    • view_icon 872
    : 2024-08-08 12:31:46