audio

    Yaponiyaning IT kompaniya hamda universitet vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiyaning IT kompaniya hamda universitet vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuv avvalida “Information Technology Federation of Japan” tashkilotining direktori Toshiaki Tateishi faoliyati va vazifalari, amalga oshirayotgan loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

    Xususan, raqamli ta’lim sohasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ham tanishtirib o‘tdi. O‘zbekistonga tashrifidan maqsad raqamli texnologiyalar bo‘yicha O‘zbekistondagi holatni o‘rganish, raqamli ta’lim holati haqida bilish, muhokama qilish va fikr almashish ekanligini bildirdi.

    Shu bilan birga, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov raqamli ta’lim sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Shuningdek, O‘zbekistonda raqamli ta’lim sohasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni IT sohasidagi zamonaviy kasblarga o‘rgatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.

    Mazkur loyihalarni Yaponiya tomoni bilan hamkorlikda amalga oshirish istiqbollarini oshirish, IT-kompaniyalarni jalb qilgan holda masofaviy va IT xizmatlarini autsorsing qilish zonasini tashkil etish, shu bilan yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha masalalari muhokama qilindi.

    Shu bilan birga, “Developtonia Co., Ltd.” kompaniyasining  bosh direktori O‘zbekistonda IT sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan e’tirof etdi.

    Shuningdek, “TOPPAN Digital Inc.” kompaniyasining ijrochi direktori O‘zbekistonda kompaniyaning IT autsorsing markazini ochish imkoniyatlariga to‘xtaldi.

    O‘z o‘rnida, O‘zbekiston bozoriga hech qanday xavf-xatarsiz kirishni xohlovchi xorijiy IT va BPO kompaniyalari uchun korporativ soliqlar va imtiyozlar hamda hududlardagi malakali kadrlarning salohiyati to‘g‘risida axborot berildi.

    Uchrashuv yakunida, tomonlar raqamli ta’limni rivojlantirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalar amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar hamda tegishli takliflar ishlab chiqishga kelishib oldilar.

     


    • view_icon 1025
    : 2024-08-13 10:13:56