She’s Next tashabbusining birinchi g‘oliblari aniqlandi
2026-08-21 18:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi qo‘llab-quvvatlayotgan She’s Next, Empowered by Visa global tashabbusining O‘zbekistondagi birinchi mavsumi yakunlandi. Tashabbus Visa kompaniyasi tomonidan Ipak Yuli Bank bilan hamkorlikda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va yangi biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda raqamli texnologiyalar ayol tadbirkorlarga o‘z biznes va startaplarini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish va yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekistonda ham ayollarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish va zamonaviy texnologiyalardan tadbirkorlik faoliyatida samarali foydalanishini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
She’s Next, Empowered by Visa tashabbusi doirasida ilg‘or raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar ayollar tadbirkorligini amaliy qo‘llab-quvvatlash bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Tashabbusning asosiy maqsadi — ayol tadbirkorlar va startap asoschilariga o‘z loyihalariga zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, biznes samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, raqamli iqtisodiyotda faol ishtirok etadigan kuchli ayollar hamjamiyatini shakllantirishga ko‘maklashishdan iborat.
O‘zbekistonda ilk bor 2026-yil aprel oyida yo‘lga qo‘yilgan tashabbus mamlakatning turli hududlaridan 5000 nafardan ortiq tadbirkor ayolni birlashtirdi.
Tashabbusda ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar maxsus ta’lim bosqichiga yo‘llanma oldi. Ushbu bosqich doirasida ular tadbirkorlik, marketing, moliyaviy rejalashtirish va biznesni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha video darslar orqali bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar. Har bir modul yakunida testlar o‘tkazilib, ishtirokchilarning o‘zlashtirgan bilimlari mustahkamlandi.
O‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar o‘z biznes-rejalarini tayyorlab, ekspertlar komissiyasiga taqdim etdilar. Eng yuqori baholarni to‘plagan 30 nafar finalchi o‘z loyihalarini hakamlar hay’ati a’zolari oldida himoya qilish uchun Toshkent shahriga taklif etildi.
Hakamlar hay’ati tarkibidan Visa va Ipak Yuli Bank vakillari, shuningdek, biznes hamjamiyatining tajribali vakillari o‘rin oldi. Final bosqichi – She’s Next Pitch Day doirasida ishtirokchilar o‘z biznes g‘oyalari, ularni rivojlantirish strategiyasi va bozordagi salohiyatini taqdim etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Faoliyat yuritayotgan biznes”, “Ish boshlayotgan biznes” va “IT-biznes” yo‘nalishlaridagi eng yaxshi yettita loyiha muallifi o‘z biznesini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 22 000 AQSh dollari bo‘lgan pul grantlariga ega bo‘ldi.
Faoliyat yuritayotgan biznes
Birinchi o‘rin – Maftuna Mutallibxo‘jaeva – 6000 AQSh dollari;
Ikkinchi o‘rin – Nigoraxon Qodirova – 4000 AQSh dollari;
Uchinchi o‘rin – Fotima Bazarbaeva – 2000 AQSh dollari.
Ish boshlayotgan biznes
Birinchi o‘rin – Mohinur Oxnorova – 4000 AQSh dollari;
Ikkinchi o‘rin – Nargiza Mahmudova – 2000 AQSh dollari;
Uchinchi o‘rin – E’zoza Mirsaotova – 1000 AQSh dollari.
IT-biznes
G‘olib – Sevinch Maxmudova – 3000 AQSh dollari.
Tashabbusning O‘zbekistonda amalga oshirilishi mamlakatda ayollarning raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi ishtirokini kengaytirish, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda tadbirkorlik loyihalarini yangi texnologiyalar asosida rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
Bunday tashabbuslar ayol tadbirkorlarni nafaqat moliyaviy va ta’limiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, balki ular o‘rtasida tajriba almashish, yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish va raqamli iqtisodiyotning yangi avlod yetakchilarini shakllantirishga xizmat qiladi.





