Birlashib, buyuk tarix yaratamiz!
2026-09-09 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘quv seminarida Vazirlik markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari hamda tizimdagi korxona va tashkilotlar rahbar-xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarga bag‘ishlangan videorolik namoyishi bilan boshlangan seminarda uchta asosiy mavzu bo‘yicha "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zolarining ma’ruzalari tinglandi.
“Uch ming yillik ildiz va Uchinchi Renessans: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va ma’naviy meros” mavzusida chiqish qilgan tarix fanlari doktori, professor, Fayzulla Ernazarov uzoq va shonli tarixga, boy davlatchilik va madaniyat an’analariga ega buyuk xalq ekanligimiz, ana shu tarixiy o‘zlikni anglash har birimizning qalbimizda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va kelajakka ishonch tuyg‘usini kamol toptirishi, ammo g‘ururning yonida doim mas’uliyat turishi, Xorazmiy, Beruniy va Ibn Sinolar qoldirgan ilmiy meros bizni faqat maqtanishga emas, ularga munosib bo‘lishga, dunyo ilm-faniga yangidan hissa qo‘shishga undashi zarurligi, Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lish – ana shu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish ekanligini ta’kidladi.
Adabiyotshunos, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Rahmon Qo‘chqorning “Inson qadri – 35 yillik islohotlarning o‘lchovi: erkinlik, bilim, sog‘liq va yoshlar” mavzusidagi ma’ruzasida mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlarning inson qadri va farovonligini ta’minlashdagi o‘rni, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati hamda iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarida erishilgan natijalar haqida fikr yuritildi. Mavzu doirasida islohotlarning aniq ko‘rsatkichlari va hayotiy misollar orqali “Inson qadri uchun!” g‘oyasining mazmun-mohiyati ochib berildi.
“Milliy yuksalish o‘n yilligi: yetti milliy dastur yaxlit tizim sifatida va nutqning bosh g‘oyalari” mavzusi o‘z fikrlarini bayon qilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i, sotsiologiya fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent Suxrob Xidirov Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yetti milliy dasturning o‘zaro bog‘liqligi, ularning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni hamda kelgusi o‘n yillikka mo‘ljallangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Seminarda Prezident nutqida belgilangan maqsad va vazifalarni chuqur o‘rganish, ularning mazmunini jamoatchilikka to‘g‘ri va tushunarli yetkazish hamda mamlakat taraqqiyotida har bir fuqaroning faol ishtirokini ta’minlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, qatnashchilar o‘rtasida savol-javoblar o‘tkazilib, faol ishtirokchilarga turli sovg‘alar berildi.
Tadbir “O‘zbek kelayotir” videoklipi namoyishi bilan yakunlandi.









