IT
Iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish va raqamli hukumatni barpo etish bo‘yicha kompleks dasturlar qabul qilinib, samarali tatbiq etilmoqda.
Natijdada IT – Yangi O‘zbekistonning top drayver tarmoqlari qatoridan joy oldi. Xorijiy davlatlar uchun esa mamlakatimiz jozibador makonga aylandi.
2019-yilda IT-park rezidentlari soni 147 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilga kelib, 1 400 taga yetdi.
Ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2017-yilda 179,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yil yakuni bo‘yicha, 28,3 barobarga ortib, 5,1 trln so‘mga, eksport salmog‘i esa 82 barobarga o‘sib, 140 mln dollarga yetkazildi.
Respublika bo‘ylab IT-Parkning jami 12 ta hududiy filiali, shuningdek, AQSH va Germaniyada IT-Park vakolatxonalari tashkil qilindi.
Bugun O‘zbekistondagi salohiyat va xorijiy IT-kompaniyalar uchun berilgan imkoniyatlar nufuzli chet el IT-kompaniyalarini yurtimizga chorlamoqda. Natija samarali: 7 yil avval mavjud 4 ta chet el kompaniyasi bugun 200 taga ko‘paydi.
7 yil avval eksportning o‘zi bo‘lmagan tarmoqda 2020-yilga kelib 17 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan edi. Oxirgi yillarda tarmoq rivojlanishi natijasida IT-eksportida dinamik o‘sish kuzatildi. 2022-yilda 140 mln dollarlik eksport amalga oshirildi.
2016-yilda O‘zbekistonda masofadan turib o‘zini o‘zi band qilish amaliyoti yo‘q edi. Bugun esa bu tarmoqda 45 ming nafar frilanser o‘zini-o‘zi band qilgan.
Oxirgi 7 yilda respublikamiz bo‘ylab 187 ta masofadan xizmatlar ko‘rsatuvchi – BPO markazlari tashkil etildi va 500 nafar yosh ish bilan ta’minlandi.
YOSHLAR UCHUN IMKONIYATLAR
Yoshlar – IT sohasida eng katta resurs. Biroq 2016-yilgacha ularning g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan mablag‘ ajratilmagan. Bugun ularning ta’lim olishi, o‘z g‘oya va loyihalarini realizatsiya qilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Xususan, xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50%cha xarajatlarni qoplash tizimi joriy etildi.
1000 ga yaqin xalqaro IT-sertifikatini olgan yoshning 50%gacha xarajatlari qoplab berildi. Eng muhim yangilik: 2023-yil 1 oktyabrdan shunday sretifikatlarni qo’lga kiritgan o’g’il-qizlarga xarajatlari 100% qoplab beriladi.
Eng katta yangiliklardan biri: bugungi kunga kelib yoshlarning jahon IT-bozorida raqobatlasha oladigan innovatsion loyihalarini ko‘paytirish maqsadida sovrin jamg‘armasi 1 mln dollarlik “President Tech Award” mega tanlovi tashkil etildi.
Bu kabi tanlovlar sohada malakali kadrlarning oshishi, degani. Tahlil qilsak, 2016-yilda axborot kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi xodimlar soni 25 ming, IT-tarmog‘ida mehnat qilayotgan mutaxassislar qamrovi esa 2,5 ming nafarni tashkil etgan.
2023-yilga kelib AKT sohasida 56 ming, IT bo‘yicha esa 65 ming nafar xodimning bandligi ta’minlandi.
Axborot va aloqa sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar soni esa 2016-yil – 6 370 nafarni tashkil qilgan edi, 2023-yilda ularning soni 1,9 barobarga oshib, 12 204 nafarga yetdi.
Tarmoqdagi rivojlanish orqali rekord natijalar qayd etilmoqda. E’tibor bering, 2020 yilda amalga oshirilgan 47 mln dollarlik eksport bugun 3 oyda uddalandi. Ya’ni joriy yilning birinchi choragida 48 mln dollarlik IT-xizmatlar eksporti amalga oshirildi.
ELEKTRON HUKUMAT
Raqamlashtirishning yana bir muhim tarmog‘i – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 2016-yilda 197 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib my.gov.uz portali orqali 430 dan ziyod elektron davlat xizmatlari yo‘lga qo’yildi.
Portal foydalanuvchilari 2016-yilda 400 ming nafar bo‘lgan. 2022-yilda 6,3 mlnga yetdi.
Erishilgan natijalar O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilanmoqda. Xususan, Elektron hukumat reytingida mamlakatimiz 193 ta davlat orasida 2020 yilda 87-o‘rinni egallagan bo‘lsa, o‘tgan yilda 18 pog‘onaga yuqorilab, 69-o‘ringa ko‘tarildi.
“Open data Inception”ning Ochiq ma’lumotlar manbalari va ular soni bo‘yicha 201 ta mamlakat orasida O‘zbekiston 4-o‘rinni egalladi.
Bu sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirish maqsadida eng zamonaviy tipdagi ma’lumotlarni saqlash markazi tashkil etildi.
TELEKOMMUNIKATSIYA
Yana bir muhim yo‘nalish: telekommunikatsiya infratuzilmasi. Tahlil qilsak, 1 Mbit/s uchun internetga ulanish narxi 2016-yilda – 522 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu 30 ming so‘mgacha pasaytirildi.
Hududlarni tez va sifatli internet bilan qamrab olish maqsadida optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 20 ming kmdan 170 ming kmga yetkazildi. Bu 8,5 barobarga o‘sish degani.
Yana bir muhim fakt: 2016-yilda aholi jon boshiga AKT sohasidagi xizmatlar hajmi 198,0 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilning shu davrigacha bu xizmatlar hajmi 3,2 barobarga oshib, 642,9 ming so‘mga yetdi.
Xalqaro internetga ulanish narxi operator va provayderlar uchun qariyb 33 barobarga arzonlashib, 2,7 AQSH dollarini tashkil etdi.
Buning natijasida internet abonentlari soni 2016-yilda 22 mlnni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yil yakuni bo‘yicha 31,1 mlnga yetdi.
Shu bilan birga, oxirgi 7 yil mobaynida mobil internet narxi qariyb 9 barobar arzonlashib, dunyo reytingida 68-o‘rindan 15-o‘ringa ko‘tarildi.
XALQARO HAMKORLIK
O‘zbekistonda raqamlashtirish tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha ham samarali hamkorlik olib borilyapti. Bu borada 2022-yil 24-27 oktyabr kunlari Samarqandda “ICT WEEK Uzbekistan - 2022” axborot texnologiyalari haftaligi tashkil qilindi.
15 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan ushbu haftalikda 22 ta xalqaro tadbir o‘tkazildi. 200 million dollardan ziyod investitsion shartnomalar imzolandi.
Raqamlashtirish tarmog‘idagi sa’y-harakatlardan asosiy maqsad – O‘zbekistonni mintaqada IT xabga aylantirish.