Toshkentda Startup World Cup 2026 mintaqaviy finali go‘libi aniqlandi
2026-09-25 08:20:00 / Vazirlik yangiliklari

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida Startup World Cup 2026 xalqaro startap tanlovining O‘zbekiston mintaqaviy finali bo‘lib o‘tdi. Unda saralangan 15 ta texnologik startap San Fransiskodagi global final yo‘llanmasi uchun o‘z loyihalarini investorlar va xalqaro ekspertlar oldida taqdim etdi.
Jamoalar o‘z mahsulotlari, biznes modellari, bozor salohiyati va o‘sish strategiyalari haqida taqdimot qildi. Tanlov sun’iy intellekt, fintech, SaaS, deeptech, iste’molchilarga mo‘ljallangan texnologiyalar va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar uchun xalqaro maydonga chiqish imkoniyatini yaratdi.
Startup World Cup — Silikon vodiysida joylashgan Pegasus Tech Ventures tomonidan tashkil etiladigan xalqaro startap tanlovi. Pegasus Tech Ventures $2 mlrd dan ortiq aktivlarni boshqaruvchi global venchur kapital kompaniyasi bo‘lib, yuqori o‘sish salohiyatiga ega texnologik startaplarga investitsiya kiritadi. Kompaniya portfelida 300 dan ortiq investitsiya, 88 ta exit va 29 ta IPO mavjud.
2017-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Startup World Cup dunyoning turli mamlakatlaridagi mintaqaviy bosqichlarni San Fransiskodagi global final bilan bog‘laydi. Platforma bugunga qadar 50 mingdan ortiq ishtirokchi, 2,5 mingdan ziyod investor va 500 dan ortiq spikerni birlashtirgan. Tanlov doirasida dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq mintaqaviy musobaqalar tashkil etilgan.
Tanlovning avvalgi g‘oliblari orasida xalqaro miqyosda sezilarli o‘sishga erishgan startaplar ham bor. Jumladan, 2023-yil g‘olibi — Yaponiyaning Aillis medtech startapi $50 mln dan ortiq, 2022-yil chempioni SRTX esa $120 mln dan ziyod investitsiya jalb qilgan. 2017-yilgi g‘olib UniFa tanlovdagi g‘alabasidan so‘ng $10 mln moliyalashtirish jalb qilgan, kompaniya savdolari esa olti baravarga oshgan.
Toshkentdagi mintaqaviy final doirasida 40 ta uchrashuv stoliga ega Speed Dating sessiyasi ham tashkil etildi. Ushbu format startaplarga qisqa vaqt ichida investorlar va potensial hamkorlar bilan bevosita uchrashish, loyihalarini tanishtirish va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish imkonini berdi.
O‘zbekiston mintaqaviy finali mahalliy startaplarning xalqaro venchur hamjamiyati bilan aloqalarini kengaytirish va ularni xorijiy auditoriyaga tanishtirish uchun maydon bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘z loyihalarini xalqaro ekspertlarga taqdim etish, investorlar bilan fikr almashish va global bozorga chiqish rejalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbir yakunida uchta asosiy o‘rin hamda hamkorlardan uchta maxsus mukofot topshirildi. Faqat 1-o‘rin g‘olibi — Cerberus startapi San Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan Startup World Cup Grand Finale yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Global finalda Cerberus dunyoning turli mamlakatlaridan saralangan kuchli startaplar bilan bir sahnada pitch qiladi va $1 mln investitsiya mukofoti uchun kurashadi.
Asosiy o‘rinlar bilan birga, Startup World Cup Uzbekistan Regional Final doirasida hamkorlarning uchta maxsus mukofoti topshirildi.
SpaceX Community Award
SteppeTechLab, Flexobo va FoxPrep jamoalari taqdirlandi. Ular jami $250 qiymatidagi Cursor Usage Credits oldi.
Flexobo — Cloud + AI Startup Package
Startup MUK va Microsoft tomonidan $10 000 qiymatidagi, 12 oylik qo‘llab-quvvatlash paketini qo‘lga kiritdi.
Cerberus — Uzum Global Scale Award
Jamoa Uzum ekotizimi bilan 60 daqiqalik strategik sessiya imkoniyatiga ega bo‘ldi.









