Marhamat tumanida AT va BPO faoliyati o‘rganildi
2026-09-25 10:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Kompaniya tomonidan Marhamat tumanida zamonaviy “Ershi Logistics Center” markazi barpo etilgan bo‘lib, bu yerda 350 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda. Ular AQSh bozoridagi kompaniyalarga xizmat ko‘rsatib, o‘zlari istiqomat qilayotgan tumanining o‘zida xalqaro bozor bilan ishlash va munosib daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
2026-yil 2-chorak yakuniga ko‘ra, Marhamat tumanidagi IT Park rezidentlari tomonidan 8,72 mln AQSh dollari miqdorida AT xizmatlari eksporti amalga oshirildi. 2025-yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich 5,15 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 169,2 foizlik o‘sish demakdir.
Bugungi kunda Marhamat tumanida 15 ta IT Park rezidenti faoliyat yuritmoqda.
Tashrif davomida vazir kompaniya faoliyati, yaratilgan ish sharoitlari va xodimlar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishib, AT va BPO xizmatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi. Shuningdek, eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlar geografiyasini kengaytirish hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiya va takliflar berdi.
Marhamat tajribasi hududlarda AT va BPO xizmatlarini rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini zamonaviy kasblarga jalb etish, yoshlarni o‘z hududida turib xalqaro bozorda ishlash imkoniyati bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirish mumkinligini ko‘rsatmoqda.


