O‘zbekiston va APT Satellite sun’iy yo‘ldosh aloqasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi
2026-09-25 18:15:00 / Vazirlik yangiliklari

ICT Week Uzbekistan 2026 doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda APT Satellite Company Limited (APSTAR) kompaniyasining ijrochi direktori va prezidenti Van Xunbin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda sun’iy yo‘ldosh aloqasini rivojlantirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish hamda Markaziy Osiyoda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh aloqasi bozorini rivojlantirish istiqbollari, APT Satellite kompaniyasining mamlakatdagi biznes-rejalari, shuningdek, O‘zbekiston telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishda kompaniyaning mavjud va kelajakdagi sun’iy yo‘ldosh resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvning asosiy natijalaridan biri Raqamli texnologiyalar vaziri ishtirokida APT Satellite va UZ-SAT o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvning imzolanishi bo‘ldi. Mazkur kelishuv tomonlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda sun’iy yo‘ldosh aloqasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Uchrashuvda APT Satellite va UZ-SAT o‘rtasidagi amaldagi hamkorlik, shuningdek, hamkorlikning istiqboldagi yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar APT kompaniyasining sun’iy yo‘ldosh resurslaridan sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatlari, keng polosali Internet, televideniye va radioeshittirish, shuningdek, boshqa telekommunikatsiya va raqamli xizmatlarni taqdim etishda foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
APT Satellite vakillari, shuningdek, kompaniyaning sun’iy yo‘ldoshlar guruhini yanada rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarga ega yangi sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha rejalarini taqdim etdilar. Sun’iy yo‘ldosh resurslarining rivojlantirilishi Markaziy Osiyoda sun’iy yo‘ldosh aloqasi imkoniyatlarini kengaytirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida mintaqada sun’iy yo‘ldosh infratuzilmasini yanada rivojlantirish, xalqaro aloqa imkoniyatlarini kengaytirish hamda APT Satellite, UZ-SAT va O‘zbekiston tomoni o‘rtasidagi istiqbolli qo‘shma loyihalar yuzasidan ham fikr almashildi.



