Belarus elchisi bilan raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-25 22:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksandr Ogorodnikov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvdan avval Belarus delegatsiyasi uchun IT Park Uzbekistan faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot tashkil etildi. Unda O‘zbekistonda AT-ekotizimni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, AT-kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar va soliq imtiyozlari hamda eksport salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda mahalliy va xorijiy AT-kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlari taqdim etildi.
Shundan so‘ng delegatsiya UZINFOCOM faoliyati bilan tanishtirildi. Tashrif davomida raqamli hukumat yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay raqamli yechimlarni joriy etish tajribasi haqida taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotlar davomida O‘zbekistonning raqamli transformatsiya borasidagi tajribasi, joriy etilayotgan yechimlar va ularning amaliy imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, AT-xizmatlar eksportini oshirish, o‘zaro tajriba almashish hamda ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida raqamli texnologiyalar sohasi hamda AT-xizmatlar yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni qayd etdilar.
Shuningdek, Belarus AT-kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish, mahalliy bozorda hamkorlik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakatning tegishli tashkilotlari va AT-kompaniyalari o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish, amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini o‘rganish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.






