Digital Silk Road: turizmni raqamli texnologiyalar orqali rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-09-26 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar birinchi vaziri o‘rinbosari Oleg Pekos Meta kompaniyasi va CoobX hamkorligida tashkil etilgan Digital Silk Road konferensiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda sun’iy intellekt, ijtimoiy platformalar, qisqa videolar va zamonaviy raqamli marketing vositalari turistik yo‘nalishlarni targ‘ib qilish yondashuvlarini qanday o‘zgartirayotgani hamda biznesga xalqaro auditoriya bilan yanada samarali ishlash imkonini berayotgani muhokama qilindi.
O. Pekos o‘z chiqishida Digital Silk Road nomining o‘zi ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Asrlar davomida O‘zbekiston Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan. Bugun esa sayohatchilarning mamlakat haqidagi dastlabki tasavvuri ko‘pincha raqamli muhit — kontent, tavsiyalar va onlayn muloqot orqali shakllanmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellektning turizm sohasidagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Zamonaviy AI vositalari auditoriya qiziqishlarini yaxshiroq tushunish, turli bozorlar uchun kontentni moslashtirish, targ‘ibot samaradorligini oshirish hamda potensial sayyohlar bilan o‘zaro aloqani soddalashtirish imkonini beradi.
Tadbirda texnologiyalarning o‘zi turistik oqimni shakllantirmasligi, bu jarayonda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan biznes vakillarining raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish ham muhim ekani ta’kidlandi. Bu zamonaviy vositalardan samarali foydalanish orqali o‘zbekistonlik kompaniyalarga yangi bozorlarga chiqish va mamlakatning turistik salohiyatini xalqaro auditoriyaga yanada samarali taqdim etish imkonini beradi.
Digital Silk Road konferensiyasining o‘tkazilishi davlat va xalqaro texnologik kompaniyalar o‘rtasida iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt va raqamli platformalardan amaliy foydalanish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.









