UN Women bilan raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-09-28 11:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov BMTning Xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish tuzilmasining (UN Women) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor o‘rinbosari Eliza Fernandes Saens bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasini rivojlantirish, aholi, xususan, xotin-qizlarni zamonaviy raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish va ularning AT sohasidagi ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, xotin-qizlarning AT sohasida ta’lim olishi, raqamli kasblarni egallashi va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bu borada mavjud xalqaro tajribani o‘rganish va samarali amaliyotlarni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar raqamli texnologiyalar sohasida inson kapitalini rivojlantirish, xotin-qizlarning AT sohasidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ular uchun yangi ta’lim va kasbiy imkoniyatlar yaratish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.




