Group-IB bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-29 14:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov Group-IB kompaniyasining Yaqin Sharq, Afrika, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh menejeri Konstantin Chigirev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni yanada rivojlantirish, zamonaviy texnologiya va tajribalarni joriy etish, shuningdek, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar raqamli xavflar haqida ma’lumot va tajriba almashish, raqamli kriminalistika va zamonaviy tahlil usullarini rivojlantirish, davlat va muhim infratuzilma sohalarida axborot xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, AT sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan qo‘shma ta’lim dasturlari, treninglar va amaliyotlarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil davom ettirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi va Group-IB o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.



