Shveytsariya elchisi bilan raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-30 10:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, innovatsiyalar, investitsiyalar hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli transformatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, AT sohasi va startap ekotizimining rivojlanishi, shuningdek, xorijiy investitsiyalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, AT xizmatlari eksportini kengaytirish hamda dasturiy yechimlarni boshqa texnologik imkoniyatlar bilan birlashtiruvchi startaplarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Tomonlar sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilish istiqbollarini ham muhokama qildilar. Xususan, raqamli ta’lim va boshqa sohalar uchun ochiq hamda amaliy SI modellarini ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Shveytsariya kompaniyalarining O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarida ishtirokini kengaytirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Shu nuqtayi nazardan, eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Shveytsariya mexanizmlaridan foydalanish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki mamlakatning tegishli tashkilotlari va xususiy sektorlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish hamda raqamli texnologiyalar sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini bildirdilar.





