“TECHNOWOMEN”: xotin-qizlar uchun texnologiya va eksport imkoniyatlari bir maydonda
2026-09-30 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida xotin-qizlar tadbirkorligi, raqamli texnologiyalar va AT eksport imkoniyatlariga bag‘ishlangan “TECHNOWOMEN: xotin-qizlar tadbirkorligi, eksport imkoniyatlari va raqamli texnologiyalar” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda O‘zbekistonning turli hududlaridan tadbirkor xotin-qizlar, AT sohasi vakillari, xalqaro ekspertlar, investorlar va biznes hamjamiyati vakillarini bir maydonga jamladi.
Tadbir davomida xotin-qizlarning texnologiya va tadbirkorlikdagi ishtirokini kengaytirish, biznesni xalqaro bozorlarga olib chiqish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, investitsiya va eksportni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, ta’lim, liderlik va xalqaro tajribaning biznesni rivojlantirishdagi o‘rni, xotin-qizlar tomonidan yaratilayotgan texnologik va innovatsion loyihalar hamda ularni kengaytirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum doirasida 6 ta panel sessiyasi, B2B uchrashuvlar va networking tadbirlari tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish, yangi hamkorlar topish va kelgusidagi loyihalar uchun aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
TECHNOWOMEN xalqaro tajriba, zamonaviy texnologiyalar va tadbirkorlik imkoniyatlarini birlashtirgan muhim muloqot maydoniga aylandi.
Forum yakunida yangi hamkorliklar, qo‘shma tashabbuslar va kelgusidagi loyihalar uchun istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.






