MDH mintaqasida raqamli transformatsiya: imkoniyat va istiqbollar muhokama qilindi
2026-09-30 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilgi forum inklyuziv va barqaror raqamli kelajakni ta’minlash, barcha uchun universal, ahamiyatli va hamyonbop aloqa imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Forumning ochilish marosimida Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Aloqa xizmati raisi Isfandiyori Sa’dullo hamda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining Telekommunikatsiyalarni rivojlantirish byurosi direktori doktor Kosmas Lakison Zavazava so‘zga chiqdi.
Tadbirda MDH mintaqasida raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida ijobiy dinamika kuzatilayotgani, sohada qator yirik tashabbuslar ilgari surilayotgani va raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan muhim loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Forum doirasida “Raqamli rivojlanish holati va tendensiyalari: muammolar va imkoniyatlar” mavzusida panel sessiyasi ham tashkil etildi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov mamlakatda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida raqamli infratuzilmani rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini kengaytirish, inson kapitalini yuksaltirish hamda zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning raqamli transformatsiya jarayonlarida Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi, xalqaro tajriba va ilg‘or yondashuvlarni jalb etish sohani yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Panel sessiyasida Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston vakillari ham o‘z mamlakatlarida raqamli rivojlanishni jadallashtirish, raqamli infratuzilmani takomillashtirish va aholi uchun raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqbolli tashabbuslar bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir doirasida ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashish va mintaqada raqamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.






