Samarqandda Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII Kongressi bo‘lib o‘tdi
2026-10-02 18:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Samarqand shahrida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining (AACC) VII Kongressi bo‘lib o‘tdi. “Raqamlashtirish va sun’iy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov” mavzusiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro anjumanda 18 davlatdan 100 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan, Konstitutsiyaviy va Oliy sudlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda yetakchi huquqshunos olimlar qatnashdi.
Kongressning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash hamda qonun ustuvorligini qaror toptirish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda konstitutsiyaviy odil sudlovni takomillashtirish, xalqaro tajriba almashish va huquqiy hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Kongressning asosiy maqsadlaridan biri raqamli transformatsiya sharoitida konstitutsiyaviy nazoratni takomillashtirish, sudyalar mustaqilligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va qonun ustuvorligini mustahkamlash borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Xususan, sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli yechimlarning huquqiy tizimga ta’siri, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli muhitda insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning birinchi yalpi majlisi “Raqamli transformatsiya sharoitida sudyalar mustaqilligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligi” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov maxsus ma’ruza bilan ishtirok etdi. Shuningdek, Hindiston, Koreya Respublikasi, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tailand, Indoneziya, Myanma, Filippin, Rossiya va Ispaniya vakillari raqamli texnologiyalardan foydalanish, konstitutsiyaviy nazoratni samarali tashkil etish hamda yangi texnologik sharoitda inson huquqlarini ta’minlash borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Muhokamalar davomida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bir tomondan davlat boshqaruvi va sud tizimi samaradorligini oshirish, fuqarolar uchun qulayliklar yaratish imkonini berayotgani, ikkinchi tomondan esa shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi, axborot xavfsizligi va inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq yangi vazifalarni yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan milliy qonunchilikni zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish, xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalarni o‘rganish, shuningdek, texnologiyalar rivoji bilan inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi 2010 yil iyul oyida Indoneziyaning Jakarta shahrida tashkil etilgan bo‘lib, Osiyo mintaqasida konstitutsiyaviy yurisdiksiyani amalga oshiruvchi sudlar va shunga teng vakolatga ega institutlarni birlashtiradi. Assotsiatsiyaning asosiy vazifalari demokratiyani rivojlantirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, konstitutsiyaviy sudlar mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash hamda a’zo institutlar o‘rtasida tajriba va axborot almashinuvini rivojlantirishdan iborat.
O‘zbekiston assotsiatsiyaning asoschi a’zolaridan biri hisoblanadi. 2025 yil noyabridan 2027 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkilotga raislik qilmoqda. Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan VII Kongress O‘zbekistonning konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi xalqaro hamkorligini kengaytirish, davlatlar o‘rtasida professional muloqotni rivojlantirish va raqamli transformatsiya bilan bog‘liq huquqiy masalalar yuzasidan umumiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Kongressning birinchi ish kuni doirasida Assotsiatsiya Bosh kotiblari va A’zolar kengashining majlislari, Yevrosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv, shuningdek, ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari rahbarlari o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va zamonaviy huquqiy muammolarga birgalikda yechim topish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.






