O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-10-12 19:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Sun’iy intellekt bo‘yicha Butunjahon hamkorlik tashkiloti (WAICO) doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonning tashkilot faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish hamda sun’iy intellekt sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar AT yo‘nalishini rivojlantirish va joriy etishda xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi va ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, yetakchi Xitoy universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda oliy ta’lim muassasalarida AT yo‘nalishidagi o‘quv dasturlari va darsliklarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda WAICO doirasidagi hamkorlikning institutsional va tashkiliy jihatlariga ham e’tibor qaratildi. Tomonlar tashkilot faoliyatida O‘zbekistonning faol ishtirokini ta’minlash, mamlakatimiz uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish masalalariga to‘xtaldilar.
Shuningdek, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalarini O‘zbekistonda faoliyat yuritishga jalb etish va mamlakatimizni mintaqaviy texnologik hamkorlik markazlaridan biriga aylantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.




