O‘zbekiston xalqaro pochta aloqasi rivojlanishi reytingida 11 pog‘ona yuqoriladi
2026-10-12 22:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Umumjahon pochta ittifoqining Xalqaro pochta aloqasi rivojlanish indeksi (2IPD) bo‘yicha O‘zbekiston 181 ta davlat orasida 64-o‘rinni egalladi. Mamlakatimiz avvalgi natijaga nisbatan 11 pog‘ona yuqorilab, xalqaro reytingda sezilarli o‘sishga erishdi. Avval O‘zbekiston ushbu reytingda 75-o‘rinda qayd etilgan edi.
Xalqaro pochta aloqasi rivojlanish indeksi mamlakatlarning pochta sohasidagi taraqqiyotini baholash, milliy pochta tizimlarining samaradorligi va xalqaro pochta tarmoqlariga integratsiyalashuv darajasini tahlil qilishda muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda pochta aloqasi nafaqat an’anaviy xat va jo‘natmalarni yetkazib berish, balki elektron tijoratni rivojlantirish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulay logistika xizmatlarini taqdim etish hamda xalqaro savdo aloqalarini qo‘llab-quvvatlashda ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois pochta infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va raqamli yechimlarni joriy etish sohaning raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonning xalqaro reytingda 11 pog‘ona yuqorilashi milliy pochta tizimini yanada rivojlantirish, xizmatlar sifatini izchil oshirish va mamlakatning global pochta tarmog‘idagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lidagi ijobiy natijalardan biridir.
Ma'lumot uchun: 2023-yilning 5-oktabr kuni Ar-Riyod shahri (Saudiya Arabistoni)da bo‘lib o‘tgan UPUning IV-Favqulodda Kongressining Strategik sammitida O‘zbekiston Respublikasi “Pochta taraqqiyotining yuksaluvchi yulduzi” mukofoti bilan taqdirlangan edi.
Butunjahon pochta ittifoqining 2023-yilda pochta aloqasini rivojlantirish bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, “O‘zbekiston pochtasi” AJ pochta aloqasini rivojlantirish indeksida yuqori o‘rinni qayd etib, 115-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarilgandi.
