Ish joylarida xavfsiz va hurmatga asoslangan mehnat muhitini ta’minlash bo‘yicha Milliy dastur amalga oshirilishi boshlanmoqda
2026-10-15 19:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Dasturni ishlab chiqish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi tomonidan muvofiqlashtirildi. Mazkur ofis dastur ijrosini ham muvofiqlashtirib boradi.
Dastur xodimlarning huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitish holatlarining oldini olish, shuningdek, huquqbuzarliklar yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqishning samarali mexanizmlarini yaratishga qaratilgan.
Dasturni amaliyotga joriy etish bo‘yicha galdagi vazifalar Toshkent shahrida davlat organlari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Tadbirda 100 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisining bosh koordinatori Nozimaxon Davletova, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszade, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Svetlana Artikova hamda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mahl tabrik so‘zi bilan chiqish qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Robaxon Mahmudova o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi:
"Bugungi vazifamiz — qonunchilikda belgilangan kafolatlarni amaliyotda haqiqatan ham samarali ishlaydigan mexanizmlarga aylantirish. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda ushbu chora-tadbirlarni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarorining qabul qilinishi muhim qadam bo‘ldi".
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisining bosh koordinatori Nozimaxon Davletova esa ushbu tashabbusning ahamiyatiga to‘xtalib, shunday dedi:
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan islohot tufayli biz har bir insonga, erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar, institutlararo hurmatni shakllantirish mexanizmini yaratmoqdamiz. Bu har bir tashkilotda me’yorga aylanishi kerak. O‘zaro hurmat madaniyati Yangi O‘zbekistonimiz uchun sog‘lom jamiyat va kelajakning kuchli kadrlarini shakllantiradi".
BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszade quyidagilarni qayd etdi:
"O‘zbekistonda xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlarni ishlab chiqishda UNFPA yetakchi ekspertlik va texnik ko‘mak ko‘rsatganidan faxrlanamiz. Bugun qonunchilik darajasida qabul qilingan qarorlarni amaliyotga tatbiq etish bosqichiga o‘tmoqdamiz. Maqsadimiz — ushbu o‘zgarishlarni tashkilotlar faoliyatida mustahkam qaror toptirish va har bir inson uchun yanada xavfsiz hamda hurmatga asoslangan ish muhitini yaratishga hissa qo‘shishdir".
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mahl o‘z chiqishida mazkur yo‘nalishda hamkorlikning muhimligini alohida ta’kidladi:
"Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini yaratish birgina idora yoki alohida sohaning vazifasi bo‘lishi mumkin emas. Buning uchun barcha davlat tuzilmalarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlari, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning ekspertlik ko‘magi zarur".
Milliy dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-sentyabrdagi “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–345-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-sentyabrdagi 518-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Asosiy vositalardan biri joriy yil dekabr oyiga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» raqamli portali bo‘ladi. Ushbu portal orqali davlat tashkilotlari xodimlari qoidabuzarliklar haqida anonim tarzda xabar berishlari, vakolatli organlar esa murojaatlarning ko‘rib chiqilishi va ko‘rilgan choralarni kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.
Dasturning muhim yo‘nalishlaridan yana biri mutaxassislarni o‘qitishga qaratilgan. Mamlakatning 14 ta hududida 700 nafar fasilitatorni tayyorlash rejalashtirilgan. Ular davlat tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish hamda xavfsiz ish muhitini yaratish uchun mas’ul bo‘lgan 35 ming nafar xodimni o‘qitishni ta’minlaydi.
Tadbir doirasida Boshqaruv samaradorligi agentligi va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi. Hujjat Milliy dasturni amalga oshirish, mutaxassislarni tayyorlash va xodimlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini joriy etish borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.









