Google Cloud kompaniyasi vakili bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-10-20 16:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Samarqand shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi “C5+1” sammiti doirasida Google Cloud kompaniyasining davlat siyosati va davlat tashkilotlari bilan aloqalar yo‘nalishi bo‘yicha rahbari Marchin Krasuski bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, davlat boshqaruvi jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda davlat tashkilotlari faoliyatida bulutli yechimlardan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar, shuningdek, Google Cloud’ning xalqaro tajribasi va texnologik imkoniyatlaridan foydalanish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro muloqotni davom ettirish masalalariga e’tibor qaratildi.


