audio

    “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasining navbatdagi mavsumiga start berildi

    “Bir million o‘zbek dasturchilari” — O‘zbekistonda bir million mahalliy dasturchini tayyorlash loyihasi bo‘lib, loyihada yoshlarni zamonaviy kasblarga bepul onlayn kurslar tashkil etilgan holda o‘qitish maqsad qilingan.

    Davlatimiz rahbari har doim ta’limning mamlakat taraqqiyotidagi hal qiluvchi o‘rni haqida ta’kidlab keladilar. Yurtimizda yoshlarda ta’limga qiziqish oshib bormoqda, ammo asosiy muammo — nima o‘qitish va ayniqsa, uzoq hududlarda kim o‘qitishi kabi masalalarda saqlanib turibdi.

    Mazkur muammoning yechimi sifatida O‘zbekiston va Coursera platformasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hamkorlik orqali yurtimizning eng olis qishloqlaridagi yoshlar ham dunyoning yetakchi universitetlari va kompaniyalaridan eng yuqori talabga ega bo‘lgan kurslarni onlayn o‘qish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Bu jarayonda yoshlarimizning o‘z maqsadlariga yetishishlari uchun qunt va davomiylik muhim. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, xalqaro sertifikat imtihonlaridan o‘tish, ularga global mehnat bozoriga yo‘l ochib beradi. 

    2024-yilning “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinganligi ushbu tashabbusning dolzarbligini yanada oshirdi. Hozirda onlayn kurslar Bir million dasturchilar uzbekcoders.uz platformasi orqali yo‘lga qo‘yilmoqda.

    Shu maqsadda bugun, 29-noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasining navbatdagi mavsumiga start berildi. Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib so‘ngi yillarda raqamli ta’lim sohasida, xususan, onlayn ta’lim va xalqaro sertifikatlar olish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. 

    Shuningdek, “Coursera” Inc Hindiston va Osiyo-Tinch okeani hududlarida boshqaruv direktori Raghav Gupta “Coursera” platformasidagi imkoniyatlar mavzusida taqdimot qildi. 

    Coursera — bu onlayn ta’lim platformasi bo‘lib, dunyoning eng nufuzli universitetlari va tashkilotlaridan kurs va sertifikatlarni taklif etadi. Bu platforma orqali IT’ning turli sohalari bo‘yicha bilim olish, yangi ko‘nikmalarni rivojlantirish va kasbiy mahoratni oshirish mumkin. 

    Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov “Bir million O‘zbek dasturchilari” loyihasi doirasidagi kelgusi 2 yillik rejalari bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.  

    Bir million oʻzbek dasturchisi loyihasi doirasida esa Coursera kurslari imtiyozli narxlarda yoshlarga taqdim etiladi. Kurslar sohaning eng nufuzli ta’lim muassasalari, universitetlari va ustozlari tomonidan ishlab chiqilgan. 

    Shuningdek, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikat beriladi. Hozirgacha Coursera platformasining 1,4 million O‘zbekistonlik tinglovchisi bo‘lib, ularning 50 foizini ayollar tashkil etadi. 

    Foydalanuvchilarning 90 foiz qismini esa asosan o‘quvchi va talabalar ulushiga to‘g‘ri  keladi. 2024-yilda Courseraning professional IT-sertifikat kurslarida o‘qish ko‘rsatkichi 206 foizga oshgan.

    Joriy yil Coursera oʻzining oltinchi yillik Global Skills hisobotini eʼlon qildi. Unga koʻra, “Bir million oʻzbek dasturchilari” (“One million uzbek coders”) loyihasi doirasida amalga oshirilgan islohatlar natijasi o‘laroq, platformada Oʻzbekiston mavjud ishchi kuchining ulushida oʻrganuvchilar soni boʻyicha birinchi oʻrinni egalladi. Yaʼni, mavjud ishchi kuchini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan koʻnikmalar bilan taʼminlashga eng koʻp sarmoya kiritayotgan mamlakatlar reytingida davlatimiz yetakchi oʻrinda deb qayd etildi.

    Platformadagi o‘zbek foydalanuvchilarning eng ko‘p talabida bo‘layotgan yoʻnalishlar esa dasturlash, Data Science, kompyuter savodxonligi, Grafika va dizayn hamda xorijiy tillarni o’rganish ekani aniqlandi.

    Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Coursera ta’lim platformasi bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, joriy yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan "ICTWeek — 2024" haftaligi doirasida tashkil etilgan "IT ta’lim va frilansing" forumi doirasida Courseraning Hindiston va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha direktori Raghav Gupta ishtirok etib, yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar jumladan tobora rivojlanib borayotgan raqamli dunyoda onlayn ta’limning ahamiyati haqida taqdimot qilgandi.

    Vaucherlarni quyidagi Oliy taʼlim muassasalari oldi:

    Toshkent axborot texnologiyalari universiteti - 5 mlrd soʻm;

    INHA universiteti - 500 mln soʻm;

    Amity universiteti - 500 mln soʻm;


    Xususiy taʼlim muassasalaridan esa:

    Sensorika - 250 mln soʻm;

    Maab academy - 250 mln soʻm;

    IT Center Navoiy - 250 mln soʻm;

    Alicode IT akademiyasi - 250 mln soʻm;

    Dasturchilar klubi - 250 mln soʻm

    Vosiq international school - 100 mln soʻm;

    Leaders school - 100 mln soʻmlik miqdorda taʼlim olish imkoniyatini beruvchi vaucherlar berildi.

    Shu bilan birga, IT inflyuyenserlar Zarifjon Naxalov, Umar Sa’dullayev, Manuchehr Usmonov, Murodjon Normatovlarga ham 1 yillik "Coursera"da ta’lim olish imkonini beruvchi vaucher taqdim etildi.

    Qolaversa, IT Park Uzbekistanga "Coursera" platformasida oʻqish imkoniyatini beruvchi 1000 ta litsenziya ham topshirildi.

    “Bir million oʻzbek dasturchilari” loyihasi 2025-2026-yillar rejasida xalqaro IT sertifikatlarni olganlar sonini 2.5 mln nafarga, professional xalqaro IT sertifikatlar olganlar sonini esa 30 ming nafarga yetkazish belgilangan. Qolaversa, loyiha doirasida yuqori natija ko‘rsatgan eng yaxshi 2 ta maktabga Prezident sovg‘asi sifatida elektromobillar berilishi ham rejalashtirilgan. 

    Shu bilan birga, loyiha doirasida 14 ta hududda eng yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilarga 700 ta noutbuk, Top-10 nafar o‘qituvchilar chet-elga sayohat, loyiha doirasida eng yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta o‘qituvchiga 10 mln so‘mdan pul mukofoti va Top-3 oliy ta’lim muassasalariga pul mukofotlari beriladi.


    • view_icon 2150
    : 2024-11-29 16:13:01