“ICT WEEK UZBEKISTAN 2023” AKT doirasida Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan “Raqamli hukumat – hukumat insonlar uchun” sammiti tashkil etildi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, haftalikka tashrif buyurgan mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
“Texnologiya qancha rivojlangan sari birinchi navbatda, insonlar uchun xizmat qilishi kerak. Hukumat IT sohasi tezlik bilan o‘zgarib, barcha sohalarga kirib bormoqda.
Sammitni o‘tkazishdan maqsad – raqamli texnologiyalar hukumatni qanday o‘zgartirishi hamda fuqarolarning ehtiyojlari va farovonligiga asoslangan hukumatni qanday yaratish mumkinligini muhokama qilishdan iborat”, – dedi Sherzod Shermatov.
Tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari, Xitoy, Koreya, Qozog‘iston kabi davlatlardan yetakchi vakillar qatnashdi. Mahalliy ekspertlarning taqdimotlari tinglandi.
Sammitda soha vakillari va faollar davlatning raqamli transformatsiyasi va uning fuqarolar hayotiga ta’siri bilan bog‘liq muhim masalalarni, shuningdek, turli mamlakatlar va mintaqalarda raqamli hukumatlar erishayotgan muvaffaqiyatlar, duch kelinayotgan muammolar hamda imkoniyatlarni muhokama qilishdi.
Tadbir davomida quyidagi mavzularga alohida urg‘u berildi:
– “Elektron hukumatni rivojlantirishning global tendensiyalari va BMT bilan hamkorlik”;
– “Raqamli rivojlanish sari yo‘l: Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirishga o‘tish”;
– “Mintaqada raqamli transformatsiyani kuchaytirish uchun xalqaro hamkorlik”.
Sammit davomida my.gov.uz portali va my.gov.uz mobil ilovasining yangi talqindagi taqdimoti ham o‘tkazildi. Bunda ishtirokchilar my.gov.uz’ning yangi ko‘rinishi, o‘ziga xosliklari, qo‘shimcha funksiyalari hamda qulayliklari bilan to‘liqroq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida, shuningdek, “raqamli hukumat”ni qurishda faol ishtiroki bor, raqamlashtirishda samarali natija ko‘rsatgan davlat tashkilotlari va xo‘jalik organlarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.